00:36 / 14.12.2017
4276

Amazon yoki Facebook 2018 yilda o‘z bankiga ega bo‘lishi taxmin qilinmoqda

Foto: Getty Images

Jahon moliyaviy texnologiyalar jamiyati ekspertlari sanoat uchun 2018 yilgi taxminlarni tayyorlashdi, deb yozadi Fortune. Ular elektron to‘lovlar, aktivlarni boshqarish va moliyaviy xizmatlar sohasidagi boshqa texnologiyalarga taalluqli. Shunday qilib, 2018 yilda Alexa yoki Siri orqali to‘lovlarni ovozda boshqarish servislari keng tarqaladi, Amazon yoki Facebook esa o‘z bankiga ega bo‘lishi mumkin.

To‘lovlar

Bain Capital Ventures'dan Met Xarisning taxmin qilishicha, 2018 yilda «Siri, Visa-kartam yordamida mana buni xarid qil» yoki  «Alexa, boshqa kartamdan foydalanib, ana unga buyurtma ber» qabilidagi murojaatlar ko‘p quloqqa chalinadi. Uning fikricha, ovoz — kelgusidagi to‘lovlar uchun mukammal interfeys.

Elektron to‘lovlarning butun tizimiga kelsak, bu yerda xaridlarni amalga oshirishda tranzaksiyalarni qayta ishlashni ta'minlovchi kompaniyalar rivojlanishda davom etadi.  JPMorgan Chase kabi yirik o‘yinchilar katta oflayn sotuvchilarga yo‘nalgan bir vaqtda, o‘sib borayotgan e-commerce sektori ulardan kichik startaplarga ketadi.

Banking

Wal-Mart formatidagi riteylerlar anchadan beri bank ishi bilan shug‘ullanishni orzu qilishardi va hoynahoy, 2018 yilda bunga ruxsat tegadi. Bu degani - Bank of Amazon yoki Facebook Financial kabi moliyaviy kompaniyalarning paydo bo‘lishini uzoq kutishga hojat yo‘q. Bu esa an'anaviy banklar uchun muammoga aylanadi. AT-kompaniyalar qator afzalliklarga ega. Asosiysi — ular o‘z mijozlarini ancha yaxshi bilishadi va bu xizmat ko‘rsatishni maksimal darajada individuallashtirish imkonini beradi, oddiy banklarning birortasi bunday xizmat ko‘rsata olmaydi. Hatto brendga sodiqlik yuqori darajada bo‘lsa ham.

Aktivlar boshqaruvi

So‘nggi 12 oyda odamlarni aktivlarni boshqarish va ko‘paytirishda yordam beruvchi avtomatlashtirilgan maslahatchi-robotlar bilan birlashtiruvchi ko‘plab servislar paydo bo‘ldi. 2018 yilda mazkur tendensiya rivojlanishda davom etadi.

Nisbatan yirik va an'anaviy banklar imkon qadar ko‘proq yosh mijozlarni jalb qilish uchun aktivlarni boshqarishda chat-botlarni taklif qila boshlashadi. Ekspertlarning taxmin qilishicha, 2020 yilga borib 1 trillion dollar pul raqamli yordamchilar boshqaruvi ostida bo‘ladi. Avval kichik startaplar ustunlik qilgan bo‘lsa, kelgusida ularning katta qismi o‘yinga qo‘shilgan yirik banklar tomonidan siqib chiqariladi.

Sarmoyalash

Andreessen Horowitz ekspertlari taxminlariga ko‘ra, kelgusi yilda yirik sarmoyadorlar yangi moliyaviy texnologiya kompaniyalariga mablag‘ kiritishmaydi. Bu davr o‘tdi. Hozir bu bozorda rivojlanishning ikkinchi bosqichiga yetib kelgan mashhur o‘yinchilar bor. Kengayish uchun mablag‘ talab qilinadi va sarmoyalar mashhur va muvaffaqiyatli kompaniyalarga yo‘naltiriladi.

Angliya banki o‘z hisobotida an'anaviy banklar moliyaviy texnologiyalar startaplari tomonidan kelayotgan tahdidni yetarlicha baholay olmaganini tan oldi. Tahlilchilarning baholariga ko‘ra, yangi moliyaviy kompaniyalar Britaniya banklari daromadini 1 milliard funtga qisqartirishi mumkin.

Mavzuga oid
Top