Joriy yilda oliy ta'lim muassasalariga qabul jarayonlari Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-sonli Nizomi asosida amalga oshirildi. Mazkur yangi Nizom bo‘yicha ilk marta oshirilgan kontrakt to‘lovi evaziga qo‘shimcha kvotalar ajratilgan.

Yetarli ball to‘play olmagan bo‘lsa ham, lekin puli bo‘lsa, marhamat, bemalol talabalikka qabul qilinish mumkin. Bunga davlat qo‘shimcha imkoniyat yaratib bermoqda.

Shu o‘rinda mutasaddi shaxslarga boshqa bir savol bilan yuzlanmoqchimiz:

Yetarli bilimi bor, kerakli ballni to‘play olgan, lekin puli bo‘lmaganlarchi? Ularning taqdiri endi nima bo‘ladi?

Bunday savol berayotganimizning sababi Kun.uz tahririyatiga shu masalaga oid ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Ularda aytilishicha, mingga yaqin talaba joriy yilda OTMlarning talabaligiga to‘lov-shartnoma asosida tavsiya etilgan, ya'ni kontraktga kirgan, biroq kontrakt pulini biroz kechikib to‘lagan talabalarning taqdiri haliyam so‘roq ostida turibdi.

Xususan, ismini oshkor qilishni istamagan bir talaba qiz quyidagicha yozadi:

«Assalomu alaykum, Kun.uz tahririyati.

Agar noto‘g‘ri tushunmasangiz, ushbu maktubimda ismimni va o‘qish joyimni oshkor qilmasam degandim. Joriy yilda katta umidlar bilan o‘zim tug‘ilib o‘sgan Samarqand shahridagi o‘zim tanlagan institutga hujjat topshirdim va kontrakt asosida o‘qishga kirdim. Kontrakt summasi 7.250.000 so‘m ekan. Kontraktning yarmini 11 sentabr kuni to‘ladik. Qolgan yarmini oilamizdagi ayrim moliyaviy qiyinchiliklar tufayli 14 oktabr kuni to‘lab berdik. Ochiq gap, banklardan ta'lim krediti ololmadik, bizda limit to‘lgan deyishdi. Shu sababli dadam oyligidan keyinchalik uzish sharti bilan qarz oldi. Lekin shartnoma pulini 100 foiz to‘lagan bo‘lsak ham, biroz kechikib to‘laganimiz uchun haligacha menga buyruq chiqmadi.

Bizga aytishlaricha, to‘lov muddati Nizom bo‘yicha 15 sentabrgacha ekan, keyin Vazirlar Mahkamasi 1 oktabrga qadar uzaytirgan ekan. Shu sababli menga buyruq chiqarishmayapti. Institutdagilarga aytsak, «biz hal qilmaymiz, tepadagilar nima desa shu bo‘ladi» deyishyapti. Prezident portaliga qilgan bir nechta murojaatlarimizdan ham foyda bo‘lmadi. Qiziq tomoni, har safar portalga yozgan arizamni Oliy ta'lim vazirligiga yuborishadi va vazirlikdan «bu masala vazirlik vakolatiga kirmaydi, buni Respublika qabul komissiyasi hal qiladi, ularga murojaat qiling» degan shablon javob qaytadi. Agar bu masalani yechish vazirlikning vakolatiga kirmasa, unda portaldagilar har safar nima uchun arizamni ularga yuborishadi? Shablon javob olishimiz uchunmi?