12:52 / 14.12.2017
12964

Donnarummani yig‘latishdi. U Rayola va «Milan» o‘rtasida jang qurboni

Italiya Kubogining nimchorak finalida «Verona»ga qarshi o‘yindan oldin «Milan» fanatlari jamoaning yosh darvozaboni Janluiji Donnarummaga hujum qilishdi va uni tinmay haqoratlashdi: «Tezroq daf bo‘l yaramas!».

Qo‘shimchasiga tribunada shunday yozuvli banner osildi: «Ma'naviy zo‘ravonlik: yiliga 6 mln yevro maosh va tekinxo‘r akasini sudrab kelish? Endi daf bo‘l, sabr kosamiz to‘ldi!».

Bu voqealar Italiya nashrlarida keyingi kunlarda tarqalgan xabarlar bilan bog‘liq. Keling, boshidan ko‘rib chiqamiz.

• Seshanba kuni Italiyadagi yirik nashrlardan biri Corriere della Sera Mino Rayola Donnarummaning «Milan» bilan yozda imzolagan yangi shartnomasini bekor qildirmoqchi bo‘layotgani haqida xabar tarqatdi. Bu shartnoma tuzilishi ham futbolchining ketishi haqidagi mojarolardan keyin tuzilgandi. O‘shanda ham jamoaning ashaddiy fanatlari Janluidjiga agentining haddan tashqari keskin talablari tufayli soxta pullar irg‘itishgandi. 

• Rayola – «Milan» o‘rtasidagi yangi urushning sababi shartnomada darvozabon aniq tovon puli belgilab qo‘yilmaganidir. Bu tufayli Donnarummani boshqa klublar sotib olishi qiyinlashadi va uni sotishni klubning o‘zi hal qiladi. Rayolaning o‘zi ko‘p ehtimol bilan yangi shartnoma tuzilgan vaqtda Milanda emasdi.

• Corriere della Sera ma'lumotiga ko‘ra, Rayola «Milan» ayni vaqtda turnirlarda omadsiz ishtirok etayotgani, xususan, A seriyada yettinchi o‘rinda borayotganini bahona qilmoqda. Agar u shartnoma tuzilishida qonundan tashqari holatni ko‘rsatib bersa va uni bekor qildira olsa, avvalgi, muddati 2018 yilning yoziga qadar shartnomaga ko‘ra, yozda mijozini «Real Madrid» yoki «PSJ»ga sotishi va maksimal darajada agentlik komissiyasini qo‘lga kiritishi mumkin. «PSJ» ushbu darvozabon transferi borasida allaqachon Rayola bilan muzokara boshlagan. 

• Sky Sport telekompaniyasi qayd etishicha,  Donnarumma yangi shartnomada tovon puli ko‘rsatilmasligini bilgan, bu yerda muttahamlik bo‘lmagan. Il Sole 24 Ore nashri esa «Milan» va Donnarummaning oilasi vakillari yangi shartnoma haqida «mutlaqo tinch muhit»da, hech qanday bosimsiz sharoitda kelishuvga erishishgan. 

• Fanatlarning bannerida Jidjining maoshi miqdori (yiliga 6 million yevro) va uning akasi Antonio Donnarumma «Milan»ga 1 million yevro evaziga olib kelingani haqida ham eslab o‘tilgan. 

La Gazzetta dello Sport ma'lumotiga ko‘ra, Donnarumma yozda 40 million yevroga sotilishi mumkin. Corriere della Sera yozishicha esa, «Milan» uni 70 million yevrodan kamiga sotmaydi. «Milan»ning sport direktori Massimiliano Mirabelli esa bu xabarlarni inkor etib chiqdi: «Biz hech kimni sotmoqchi emasmiz. Jidji – ajoyib yigit, biz u bilan gaplashib oldik. U hech qachon ketish istagini bildirmagan. Buning barini bir jyentlmen tashkillashtirmoqda, ammo biz hamisha «Milan» manfaatlarini himoya qilamiz.

Mirabelli shuningdek, muxlislardan Donnarummani haqoratlashni bas qilishni so‘ragan va Mino Rayola manziliga keskin so‘zlar bildirgan: «Biz Jidjini himoya qilishimiz kerak, axir biz bu mojaroning ildizini bilamiz va tez orada vaziyat iziga tushishiga umid bildirmiz. Men Rayola bilan uchrashmoqchi emasman. Shartnoma 2021 yilgacha tuzilgan va Rayola bilan ishim yo‘q. Jidji «Milan»ni sevadi. Biz esa uni va «Milan»ni bir jyentlmendan, qaysiki, bizga zarar keltirmoqchi bo‘layotgan kishidan himoya qilmog‘imiz zarur. Janluidjining o‘zi qayer yaxshi, qayer yomonligini yaxshi biladi. O‘sha jyentlmen esa hammadan ham ko‘ra shoumenga o‘xshaydi». 

Donnarumma o‘ziga qilinayotgan bosimga dosh bera olmadi: avvaliga u o‘yindan oldingi chigalyozdi mashg‘ulotlaridan keyin kiyim almashtirish xonasida ko‘z yoshlarini tiya olmadi.

Keyin – ikkinchi bo‘lim vaqtida maydonda yig‘lab yubordi. Ikki safar ham uni Leonardo Bonuchchi yupatdi. Bu futbolchi ham «Yuventus»dan Milanga kelganida shunga o‘xshash katta bosim ostida qolgandi.

Jamoa murabbiyi Jyennaro Gattuzo ham futbolchini himoya qilib chiqdi.

«U hali 18 yoshda. Albatta, hamma bir-birini hurmat qilishi kerak va men fanatlarni hurmat qilaman, ammo men bu xabarlardan keyin Jidjiga ta'til berganim uchun menga jahl qilib yuribdi. Axir u 7 oydan beri ilk marta uyida qoldi, u shu vaqtgacha hech qachon mashg‘ulotlarni o‘tkazib yubormagan. U zo‘r sportchi va professional. Men uni qo‘limdan kelgancha himoya qilaman. Hozirgi voqealar juda yoqimsiz. Odamlar uni qandaydir bir maxluq tufayli qiynashmoqda. Lekin u bu yerda faqat jabrlanuvchi. Yaxshiyamki, bugun tribunalarda faqat 9 ming kishi edi. Tasavvur qiling, agar uni 50 ming kishi haqoratlab tursa qanday chidaydi?». 

Manipulyatsiyalar ustasi Rayola shungacha erishdi. Voqealar rivojini kuzatamiz.

Top