00:27 / 14.12.2017
52006

Istanbul deklaratsiyasi Sharqiy Qudsni Falastin poytaxti deb e'lon qildi

Foto: Anadolu

Islom hamkorligi tashkiloti (IHT) davlatlari poytaxti sharqiy Quds bo‘lgan Falastin davlatini tan olishini e'lon qilishib, jahon hamjamiyatini Sharqiy Qudsni Falastin davlatining okkupatsiya qilingan poytaxti, deb tan olishga chaqirdi, deb yozadi Anadolu agentligi.

Bu haqda IHTning Istanbulda bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari sammiti yakunlariga ko‘ra qabul qilingan Istanbul deklaratsiyasida yozilgan.

IHT mamlakatlari AQSh prezidenti Donald Trampning Quds bo‘yicha chiqargan qarorini eng qat'iy tarzda qoralaydi, deyiladi deklaratsiya matnida. Istanbul deklaratsiyasi quyidagi moddalarni o‘z ichiga oladi:

«1. IHT mamlakatlari AQSh prezidenti Donald Trampning Quds bo‘yicha chiqargan qarorini eng qat'iy tarzda qoralaydi.

2. Qudsning Isroil tomonidan anneksiya qilinishi va bu anneksiya doirasida bosilgan qadamlar tan olinmaganidek, bu qaror ham IHT uchun ham huquqiy, ham tarixiy, ham axloqiy tomondan noqonuniyligicha qoladi. BMT, Yevropa ittifoqi va jahon hamjamiyatini BMTning barcha, jumladan, Quds statusi haqidagi qarorlariga rioya qilishga chaqiramiz.

3. IHT poytaxti Quds bo‘lgan 1967 yil chegaralaridagi mustaqil va suveren Falastin davlatini tan olish majburiyatidan qaytmaydi va buni mintaqadagi tinchlik va barqarorlikning asosiy sharti, deb hisoblaydi.

4. IHT davlatlari Falastin va Quds uchun barcha xalqaro platformalar, jumladan, BMTda kurash olib borishda hamkorlik qiladi va o‘z harakatlarini muvofiqlashtiradi.

5. IHT davlatlari Falastin davlati va uning tuzilmalarini hartomonlama mustahkamlash uchun o‘z kuchlarini jamlaydi.

6. Barcha davlatlarni 1988 yilda e'lon qilingan, falastin xalqi irodasini aks ettiruvchi Falastin davlatini tan olishga chorlaymiz, bu bo‘layotgan voqealar fonida mintaqada barqarorlikka erishish uchun zaruriyatga aylandi. Poytaxti Sharqiy Quds bo‘lgan Falastin davlatini tan olamiz va jahon hamjamiyatini Sharqiy Qudsni Falastin davlatining okkupatsiya qilingan poytaxti, deya tan olishga chaqiramiz.

7. Yaratilgan shart-sharoitlarda falastinliklar o‘rtasida sulh yaqin orada o‘zaro hurmat, ishonch va o‘zini fido qilish asosida tuzilishi kerak. IHT davlatlari bu jarayonga ko‘mak berishda davom etishadi.

8. Tramp ma'muriyatini xalqaro huquqqa to‘g‘ri kelmaydigan, mintaqada tartibsizlik keltirib chiqaruvchi qarorni qayta ko‘rib chiqishga, xato qadamdan voz kechishga chaqiramiz.

9. Islom hamkorligi tashkiloti falastinlik barcha birodarlarni, jumladan, Falastin davlati rahbari Mahsud Abbosni poytaxti sharqiy Qudsda bo‘lgan suveren va mustaqil Falastin davlati uchun kurashda qo‘llab-quvvatlaydi».

IHT — musulmonlar uchun Qudsning ahamiyati in'ikosidir

Islom hamkorligi tashkiloti (IHT) — BMTdan so‘ng eng yirik xalqaro tashkilot bo‘lib, unga to‘rt qit'adan 57 davlat a'zo bo‘lgan.

IHTning tuzilishiga islom olamini larzaga solgan bir necha voqea, jumladan, 1969 yilda Qudsdagi Al-Aqso masjidiga o‘t qo‘yilishi sabab bo‘lgan.

IHT tuzilishi haqidagi qaror bosh islom davlatlari va hukumatlari rahbarlari tomonidan Marokash poytaxti Rabotda qabul qilingan.

Tashkilotning tuzilishi Qudsning musulmonlar uchun nechog‘lik ahamiyatli ekanligini aks ettiradi. 1969 yilning 21 avgustida avstraliyalik Denis Maykon Rohan Masihning kelish sanasini yaqinlashtirish maqsadida Al-Aqso masjidiga o‘t qo‘yadi.

Rohan «Xudo cherkovi» sektasining a'zosi edi, keyinchalik aniqlanishicha, u ruhiy kasal bo‘lgan.

Manba: Anadolu
KUN.UZ tarjimasi
Mavzu
Quddus Isroil poytaxti deb tan olinishi

6 dekabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Quddusning Isroil poytaxti deb tan oldi. U AQSh Davlat departamentiga Tel-Avivdagi elchixonani Quddusga ko‘chirishga tayyorgarlik ko‘rishni boshlash vazifasini topshirdi.

Barchasi
Top