21:46 / 14.12.2017
29583

Samarqand shahrida ko‘p kvartirali arzon uy-joylar foydalanishga topshirildi

Mamlakatimizning barcha hududlarida ulkan bunyodkorlik va obodonchilik ishlari amalga oshirilmoqda. Samarqand shahrida ham qurib, foydalanishga topshirilgan 405 ta yangi uy-joylar shular sirasidandir.

Yangi barpo etilgan uy-joylarini xonadon sohiblariga topshirishga bag‘ishlangan tantanali tadbirda Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo‘rayev so‘z olib, uy egalarini qizg‘in tabrikladi va yurtimizda kam ta'minlangan aholi qatlamini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan keng ko‘lamdagi ishlarga to‘xtalib o‘tdi.

 

«Keyingi bir yil davomida viloyatning shahar va qishloqlarida ham yilda juda katta hajmdagi qurilish ishlari bajarildi. Birgina uy-joylar qurilishini oladigan bo‘lsa, o‘tgan qisqa vaqtda 2000 ga yaqin yangilangan namunaviy loyihadagi, arzon uy-joylar bunyod etildi.

Bundan tashqari, Samarqand shahrida olib borilayotgan ishlar tahsinga sazovor bo‘lmoqda. Prezidentimizning Samarqand viloyatiga tashriflari davomida yangi loyihalar ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etilmoqda. Yangi yo‘llar ochilib, mavjudlarini kengaytirilmoqda», — dedi T.Jo‘rayev.

Ko‘hna va navqiron shaharda qad ko‘targan ushbu uy-joylar Prezidentning 2016 yil 22 noyabrdagi «2017–2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori asosida «SMP 151» MChJning mohir quruvchilari tomonidan qisqa muddatda va sifatli qilib bunyod etildi qurilib,  foydalanishga topshirildi.

Uylarni qurish asnosida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan zamonaviy qurilish materiallaridan foydalanildi. Muhim jihatlardan yana biri — ushbu materiallar imtiyozli narxlarda yetkazib berildi. Uylar atrofi dam olish joylari, bolalar maydonchalari, avtomobil to‘xtash joylari, chiqindi yig‘ish punktlari tashkil etilgan.

O‘z muxbirimiz.

Baxtiyor Mustanov olgan suratlar

Top