14:28 / 15.12.2017
16683

Yanvar-sentabr oylarida O‘zbekiston YaIM 170 trln so‘mni tashkil etdi

O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti o‘sishi 2017 yil yanvar-sentabr oylarida 5,3 foizni tashkil etgan yoki 170 trln so‘mdan iborat bo‘lgan. Bunda YaIM shakllanishida qaysi tarmoq hissasi katta va hududlar o‘rni qanday, degan savol tug‘iladi. Xalqaro Press-klub sessiyasida ayni shu masalaga ham izoh berildi. Statistika qo‘mitasi Makroiqtisodiy indikatorlar va milliy hisoblar boshqarmasi boshlig‘i Aziz Mamirovning bildirishicha, YaIM shakllantirilishida hududlar hissasi nuqtai-nazaridan olib ko‘rilsa, Toshkent shahri yetakchilik qilmoqda. Sohalar bo‘yicha esa, xizmat ko‘rsatish birinchi o‘rinda.

“Hisobot davrida YaIM tarkibida eng yuqori o‘sish sur'atlari xizmat ko‘rsatish sohasida qayd etildi. Iqtisodiyot tarmoqlari yalpi qo‘shilgan hajmining yarmidan ortig‘i mana shu sohaga to‘g‘ri keldi. U o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6 foizdan ko‘proqqa o‘sib, YaIM o‘sishidagi hissasi 3,3 foiz punktni tashkil etdi. Sanoat YaIM tarkibining 25 foizini egallagan. Uning iqtisodiy o‘sishga ta'siri 1 foiz punktdan iborat bo‘ldi. Qishloq xo‘jaligi YaIM tarkibida 16 foizni tashkil etdi va uning YaIMdagi o‘sish hissasi ulushi 0,6 foiz punktni tashkil etdi”, - dedi Aziz Mamirov.

Aziz Mamirov. Foto: Xalqaro press-klub

U respublika yalpi ichki mahsulotida hududlarning o‘rniga ham to‘xtalib o‘tdi. Mamirovning so‘zlariga ko‘ra, bunda hududlar kesimida yalpi ichki mahsulotga qo‘shilgan hissa o‘rganiladigan bo‘lsa, Toshkent shahri 15,5 foizli ko‘rsatkich bilan yetakchilik qilmoqda. Toshkent viloyatining bu boradagi natijasi 10,8 foizni, Samarqand viloyatining yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 7,2 foizni tashkil etmoqda. Qashqadaryo viloyatining hissasi esa 7,1 foizni tashkil etdi. 

“Respublika yalpi ichki mahsulotini shakllantirishda Sirdaryo, Jizzax, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi eng kam ulushga ega bo‘lmoqda. Sirdaryo viloyatining yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 1,9 foizni, Jizzax viloyatining ulushi 2,5 foizni, Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston hissasi 3,4 foizni tashkil etdi”, - dedi Makroiqtisodiy indikatorlar va milliy hisoblar boshqarmasi boshlig‘i. 

Mavzuga oid
Top