O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga sharh e'lon qilindi.

To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini (keyingi o‘rinlarda to‘qimachilik sanoati deb yuritiladi) modernizatsiya va diversifikatsiya qilish tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan ishlab chiqarilayotgan tayyor raqobatbardosh mahsulotlarning hajmi va turlarini kengaytirish, paxta xom ashyosini yetishtirish va qayta ishlash samaradorligi va rentabelligini oshirishning eng muhim sharti hisoblanadi.

Shuni inobatga olgan holda, mamlakatimizda mazkur sohani yanada rivojlantirishni ta'minlashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar izchil ro‘yobga chiqarilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 21 dekabrdagi PQ–2687-son qarori bilan 2017-2019 yillarda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlangan.

Bugungi kunda respublikada 7 mingga yaqin korxona faoliyat olib borayotgan yuqori ishlab chiqarish salohiyatiga ega bo‘lgan to‘qimachilik tarmog‘i shakllantirildi. 1,4 million tonna hajmdagi paxta tolasini ishlab chiqarish quvvatlari yaratildi, shundan 60 foizga yaqinidan mahalliy to‘qimachilik korxonalarining ehtiyojlarini qondirish uchun foydalanilmoqda.

Eng avvalo, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarilishini yo‘lga qo‘yish, tarmoqni boshqarishni tashkil etish, resurs va ishlab chiqarish quvvatlarining taqsimlanishi, kadrlar malakasining yuqori emasligi bilan bog‘liq tizimli muammolarning mavjudligi paxta xom ashyosini yetishtirishning past rentabelligiga va uni qayta ishlashga, tayyor mahsulot ishlab chiqarish va eksport qilishning yetarli darajada emasligiga olib kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan «To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmon mavjud muammolarni hal etish, shuningdek, yuqori sifatli to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishni kengaytirish va uni jahon bozorlariga ilgari surish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar kompleksini belgilab berdi.

Ushbu hujjat bilan to‘qimachilik sanoatini yanada isloh qilishning quyidagi muhim yo‘nalishlari belgilandi, xususan:

- to‘qimachilik sanoatining iqtisodiyotdagi ulushini oshirish, mamlakatda ishlab chiqarilayotgan to‘qimachilik mahsulotlarining hajmi va sifatini oshirish;

- to‘qimachilik sanoatining boshqaruv tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish;