Shavkat Mirziyoyev Toshkent davlat agrar universiteti Nukus filialining Chimboy tumanidagi akademik litseyiga tashrif buyurdi.

O‘zA xabariga ko‘ra, shu yerda farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish, dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, ichki bozorni mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yuqori sifatli preparatlar bilan to‘ldirish borasida amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalar taqdim etildi.
Prezident mazkur soha istiqbolini yuqori baholab, bu borada mutaxassislar tayyorlash tizimini takomillashtirish kerakligini qayd etdi.
«Paxtani foyda bersa ham, foyda bermasa ham ekaverish vaqti o‘tdi. Daromad bermadimi, boshqa ekin ekish kerak. Masalan, qizilmiya bu yer iqlimi va sharoitiga mos keladi. Shunday ekan, nima uchun uni ko‘paytirishni yo‘lga qo‘ymasligimiz kerak», degan Shavkat Mirziyoyev.

Chimboy tumanidagi «Lanextrakt» qo‘shma korxonasida qizilmiya ildizidan ekstrakt ishlab chiqariladi. Korxonada yiliga 30 ming tonna qizilmiya ildizi qayta ishlanib, 1,3 ming tonna ekstrakt tayyorlanadi. Xitoylik investorlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan korxonada 200 ish o‘rni yaratilgan.
Prezident Qoraqalpog‘iston Respublikasida farmatsevtika plantatsiyalarini tashkil etish va yetishtirish loyihasi bilan ham tanishdi. Davlat rahbarining 2017 yil 3 maydagi «Nukus-farm», «Zomin-farm», «Kosonsoy-farm», «Sirdaryo-farm», «Boysun-farm», «Bo‘stonliq-farm» va «Parkent-farm» erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida»gi farmoni ijrosi yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilib, mavjud ishlab chiqarish imkoniyatlari va resurslar salohiyatidan samarali foydalanish orqali yangi ish o‘rinlari yaratishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Hududda farmatsevtika sanoatini rivojlantirish yo‘nalishida 2018-2019 yillarda qiymati 27 million dollarga teng 17 loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Mazkur loyihalar doirasida 37 turdagi farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqariladi va ularning ma'lum qismi eksport qilinadi.
Nukus shahridagi «Nukus Med Tex» MChJ tomonidan tibbiy buyumlar, «Berlin farm» MChJ tomonidan onkologik dori vositalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. To‘rtko‘l tumanidagi «To‘rtko‘l shisha idishlari» MChJda farmatsevtika shisha idishlari tayyorlanadi.















