09:20 / 15.12.2017
8718

Xitoyda 300 ga yaqin “aqlli shaharlar” yaratilmoqchi

Foto: Hightech

IHS Markit tadqiqotiga ko‘ra, aqlli shaharlar jahon industriyasi 2040 yilga kelib 1 trln dollarga yetadi. Bu borada Xitoy yetakchilik qiladi. Hozirdayoq bu mamlakatning 290 ta shahrida “aqlli shahar” infratuzilmasini yaratish loyihasi ishga tushirilgan.   

Xitoyning kamida 93 ta shahrida avtonom transport, karshering va raydshering unsurlari hamda “aqlli” shahar infratuzilmasiga ega mobil muhitni yaratishga yo‘naltirilgan katta ko‘lamli dasturlar boshlangan.  

Mutaxassislarning aytishicha, Xitoy aqlli shaharlar sinov maydoniga aylanadi. Iyulda Shanxayda 200 dan ko‘proq robomobilni (robot avtomobillar) sinash uchun ilk sinov hududi ochilgan. 

Deloitte Digital kompaniyasi boshqaruvchi direktori Endryu Dinsdeylning aytishicha, Xitoyda mijozlar robomobillarni kundalik turmushga tatbiq qilishga katta ishtiyoq bilan qarashmoqda. Deloitte o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, 26 foiz xitoyliklar robomobillarni xavfsiz emas, deb hisoblamoqdalar. Vaholanki, o‘tgan yilgi tadqiqotda bunday o‘ylovchilar 62 foizni tashkil etgan. 53 foiz xitoyliklar avtonom texnologiyalar startaplar, 28 foizi an'anaviy avtokompaniyalar va yana 19 foizi axborot texnologiyalari sohasidagi gigantlar tomondan ishlab chiqarilishiga ishonch bildirganlar.

Aksincha, bor-yo‘g‘i 23 foiz amerikaliklar va 12 foiz yaponiyaliklar robomobillar yaratilishida startaplarga ishonch bildirmoqdalar.

Oxirgi yillarda Xitoyda robomobillar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik brendlar tobora ko‘paymoqda. Misol uchun, 400 xodimga ega Byton kompaniyasi uchta davlat bozorida faoliyat olib bormoqda va Las-Vegasdagi CES-2018 ko‘rgazmasida o‘zining elektr avtonom yo‘ltanlamasini taqdim qilmoqchi. Yana bir Xitoy markasi Nio keyingi yildan o‘z robomobilini ishlab chiqaradi. 

Markit ma'lumotlariga ko‘ra, 2017 yilning dastlabki 9 oyi davomida Xitoyda 234 mingdan ko‘proq elektromobil sotilgan, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 24 foizga ko‘proq demakdir. Taqqoslash uchun, shu davr ichida AQShda 140 mingdan ko‘proq elektromobil sotilgan. 

Top