Jamiyat | 14:04 / 16.12.2017
23581
5 daqiqa o‘qiladi

Yollanma ishchi qiyofasida: Yuqorichirchiqda mudhish qotillik yuz berdi

- Vladimirning uyiga kuzatuv kameralari o‘rnatilmaganmi? – deb qoldi dab-durustdan Shuhrat. Dasturxon atrofida o‘tirgan ayollar uning bu savolidan taajjubga tushishdi. Vladimir Txakning (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) xonadonida 10 yildan buyon ishlab kelayotgan Rahima Hikmatova Shuhratning qandaydir qing‘irlikni rejalashtirayotganini sezganday hushyor tortib, uni shashtidan qaytarish maqsadida kamera o‘rnatilgan bo‘lishi mumkinligini ta'kidladi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

- Vladimir ehtiyotkor odam. Kuzatuv kameralarini o‘rnatgan bo‘lsa kerak.

Shundan so‘ng Shuhrat boshqa savol bermadi. Biroq, o‘ziga rejalar tuzayotgan edi.

Darhaqiqat, hammasi mudhish voqeadan bir kun avval uyidagi yollanma ishchilarning tushlik paytidagi suhbatidan boshlangan edi. Bu xonadondagi ta'mirlash va boshqa yumushlarni bajarib yuradigan Shuhratning tushlik vaqtida qo‘qqisdan o‘rtaga tashlagan savoli shunchaki xayolga kelib qolgan gap emasdi. Besh oydan buyon shu xonadonda yollanma ishchi bo‘lib ishlab kelayotgan Sh.Murodovning fikri-zikrini o‘z xo‘jayinini o‘marish band etgandi. O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi. Nega u shuncha vaqtdan buyon unga ishonch bildirib, mehnatini munosib taqdirlab kelayotgan xonadonga musibat istab qoldi?

Shuhratning tarjimai holini varaqlasangiz, uning 17 yoshdayoq sudning qora kursisiga o‘tirganiga guvoh bo‘lasiz. Bu yoshda adashgan bo‘lishi mumkin, deyishga shoshilmang. Chunki, u qilmishlaridan to‘g‘ri xulosa chiqarmay, yana ikki marotaba sudlangan.

O‘sha kuni kechgacha V.Txakning uyida o‘ziga topshirilgan yumushlarni bajarib, xonadon sohibidan xizmat haqini olib uyiga qaytgan Shuhrat tuni bilan rejalar tuzadi. Ertasiga manzil tomon otlanar ekan, dadil bo‘lish uchun yo‘l-yo‘lakay jig‘ildoniga 200 gramm aroq quyib oladi. Soat taxminan sakkizdan o‘n daqiqalar o‘tganda V.Txakning uyiga yetib keladi. Uni qarshi olgan xonadon sohibi mast holatdagi ishchini koyigan bo‘ladi. So‘ng uyiga kiritib, ishni boshlashni buyuradi. Ikkovlon issiqxonadagi ta'mirlash ishlariga kirishishadi. Shuhratning qo‘li ishda bo‘lgani bilan xayoli rejasini amalga oshirishda edi. U ikki soatlarcha issiqxonada o‘ralashib yurib, xonadonda Vladimir va uning turmush o‘rtog‘i Yuliya Xvandan boshqa kimsa yo‘qligini tekshirib oladi.

Ko‘nglida rejani amalga oshirish fursati yetganini taxmin qilgach, issiqxonada foydalanib kelgan oshxona pichog‘ini qo‘liga oladi. Bu paytda Vladimir o‘simliklarni begona o‘tlardan tozalash bilan band bo‘lib, orqa tarafdan qotili yaqinlashayotganini xayoliga ham keltirmaydi. Kutilmaganda biqinida qattiq og‘riq sezadi. O‘girilib qarasa, tepasida Shuhrat vajohat bilan turibdi. Qotil unga tashlanib, bir necha marotaba pichoq bilan uradi. Xonadon sohibi jonini asrash maqsadida baqirganicha, qo‘shnilarni yordamga chaqirib, darvoza tomon qochadi. Ammo Shuhrat darvoza oldida uni tutib olib, do‘pposlash barobarida duch kelgan joyiga pichoq uraveradi. Natijada V.Txakning joni shu joyning o‘zida uziladi.

Sh.Murodov esa, o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, endi ko‘z o‘ngida sodir bo‘lgan vahshiylikdan toshday qotib qolgan xonadon sohibasining joniga qasd qiladi. Uchidan qon sizib turgan pichoq bilan uyga kirib, dahlizda turgan Yu.Xvanga tashlanadi va uni ham shafqatsizlik bilan o‘ldiradi. 

Xonadon egalarini birin-ketin “tinchitgan” yollanma ishchi uydagi qo‘liga ilingan narsalarni orqalab ketish harakatiga tushadi. U shu maqsadda xonadonda bo‘lgan foto va videokamera, elektrnasos, 4 ta uyali telefon apparati, 7 ta zanjir va 11 ta uzukdan iborat tilla zargarlik buyumlarini, seyfdan 82 ming AQSh dollari va 7 million so‘m pul mablag‘i, jami 325 million so‘mga yaqin mol-mulklarni qo‘lga kiritadi. Barcha buyumlarni xonadon egasining farzandiga tegishli “Spark”ka ortib, jo‘nab qoladi.

Shuncha boylikka osongina erishib, endi kayf-safo qilib yashayman, deb o‘ylagan Sh.Murodov qattiq yanglishgan edi. Oradan ikki kun o‘tar-o‘tmas qo‘lga olinib, qotilligi uchun javob berdi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi tomonidan unga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Mavzuga oid