09:21 / 16.12.2017
11740

Smartfoningizdan aqlliroq 8 "smart-krossovka"

Krossovkalar qulayligi bois juda mashhur, ba'zilari haddan tashqari qimmat. Biroq puliga haqiqatda arziydiganlari ham bor – ular elektronika bilan ta'minlangan bo‘lib, oddiy poyabzaldan ortiqroqdir. Hi-Tech intellektual krossovkalar dunyosiga "sayohat" uyushtirib, ularning orasidan eng "aqlli"larini saralab taqdim etdi.

Xiaomi Free Tie Leather Shoes

Ko‘pchilik ajablanishi mumkin, lekin Xiaomi kompaniyasi faqat smartfon va aksessuarlar ishlab chiqarish bilangina cheklanmaydi. Kompaniya mahsulotlari orasida ryukzaklar, kolonkalar, yoritgichlar va hatto elektrovelosipedlarni ham topish mumkin. Biroq bu haqida keyingi safar, hozircha esa bizni faqat krossovkalar qiziqtiradi.

Foto: Hi-Tech Mail

Ularni oddiy poyabzaldan nima ajratib turadi? Bosib o‘tilgan qadamlarni sanay oluvchi ichki protsessor. Bundan tashqari, sensor kaloriyalar sarfi va bosib o‘tilgan masofani aniqlashi mumkin. Umuman olganda, ishlab chiqaruvchilar fitnes-trekerning barcha asosiy funksiyalarini olib, ularni o‘z krossovkalariga o‘rnatishdi.

Darvoqe, poyabzal jismoniy muvaffaqiyatlar haqidagi barcha ma'lumotlarni egasining smartfoniga yetkazadi. Intellektual krossovkalar Bluetooth yordamida Android va iOS boshqaruvi ostidagi qurilmalarga ulana oladi. Natijalarni kompaniyaning Mi Smart Home ilovasida ko‘rish mumkin.

Bu yerda eng qizig‘i — narx. Xitoyliklar aqlli poyabzalni atigi 30 dollardan sotishmoqda.

Smart Rhythm Shoes

Qo‘shma Shtatlarda egasini raqs tushishga o‘rgatadigan krossovkalar ixtiro qilindi. Har holda, rhytm kompaniyasi strtaperlari aynan shunday va'dalar berishmoqda.

Foto: Hi-Tech Mail

Ishlab chiqaruvchilarning so‘zlariga ko‘ra, har bir krossovkada Bluetooth orqali smartfondagi ilovaga bog‘langan datchiklar joylangan. Dastur xonada yangrayotgan musiqani "eshitadi" va to‘g‘ridan-to‘g‘ri "oyoqlar"ga signal uzatadi. Shunda sensorlar tovonning turli qismlariga vibratsiya yo‘llaydi, raqqos esa nima qilish kerakligini tushunib oladi.

Ilovada turli uslublardagi darslar o‘rnatilgan bo‘lib, intellektual poyabzal egalari raqslarning ketma-ket bir necha turiga tushishi mumkin: jaz, salsa, nachata, vals, xip-xop, tango va h.k.

Hozircha Smart Rhythm Shoes'ning qanchalik samarali ekanini aytish qiyin: ular 2017 yilning dekabridagina sotuvga chiqishi kutilmoqda. Ishlab chiqaruvchilar bu krossvokalarni 300 dollarga baholashdi.

Vixole Matrix

Poyabzalga televizor o‘rnatish mumkinligi haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Yo‘q? Amerikalik ishlab chiqaruvchilar esa buning uddasidan chiqishdi.

Foto: Hi-Tech Mail

2016 yil oxirida kraudfanding platformasida Vixole Matrix nomli aqlli krossovkalar paydo bo‘ldi. Poyabzalning orqa qismi sozlanuvchi LED-panellar bilan jihozlangan.

Smartfon ilovasi yordamida krossovkalarning LED-ekraniga statik va dinamik grafikni aks ettirish mumkin, ya'ni sizda o‘z poyabzalingizda sevimli "gif"lar yoki instagram akkauntda havolalarni "boshqarish" imkoni bo‘ladi. Ta'kidlash joizki, moslashuvchan ekran suvdan himoyalangan, shunday ekan, yomg‘irda ham, qorda ham krossovkalarda bemalol yurish mumkin.

Vixole Matrix krossovkalari LED-paneldan tashqari ko‘plab turli sensorlarga ega bo‘lishdi: yorug‘lik, tovush aniqlovchi datchiklar, akselerometr, giroskop va magnitometr. Ular tufayli krossovkalar egasining harakatlari ta'siri ostida tasvirlarni o‘zgartirishi mumkin: masalan, inson yugurayotgan yoki raqsga tushayotgan bo‘lsa, tasvir avtomatik ravishda o‘zgaradi. Shuningdek, smartfonga xabar kelganda stelkaga tebranish orqali ma'lum qiluvchi taktil datchiklar o‘rnatildi.

Vixole Matrix krossovkalari uchun 345 dollarga buyurtma berish mumkin.

Tomsk krossovkalari

Rossiyaliklar ham intellektual poygada ortda qolayotgani yo‘q. Tomsk politexnika universiteti talabalari ham aqlli krossovkalar kontseptini namoyish etishdi. Unga hali nom o‘ylab topilgani yo‘q, biroq bu u qadar muhim emas.

Foto: Hi-Tech Mail

Fitnes-treker funksiyasi haqida so‘zlab o‘tirmaymiz — ular bu yerdagi deyarli barcha smart-botinkalarda bor. Shunisi qiziqki, krossovkalar qadam tashlashning to‘g‘riligini ham nazorat qiladi. Tovon qismiga maxsus datchiklar o‘rnatilgan bo‘lib, ular og‘irlikning tovonga to‘g‘ri taqsimlanishini nazorat qiladi.

Ishlab chiqaruvchilar ularning ixtirosi o‘z egalariga odatda yukning tovonga noto‘g‘ri taqsimlanishi natijasida yuzaga keluvchi tayanch-harakat tizimi kasalliklarini chetlab o‘tishga yordam berishiga ishonch bildirishdi. Bundan tashqari, Tomsk krossovkalaridan insultdan keyingi tiklanishda foydalanish mumkin.

Rossiyaning aqlli krossovkalari bozorga chiqishga deyarli tayyor. Biroq rasmiy narxlar hozircha oshkor etilmagan.

Shift Wear

Shift Wear aqlli krossovkalari London dendisi kabi kiyinishni yaxshi ko‘radigan kishilarga to‘g‘ri keladi. Gap shundaki, poyabzal dizaynini har kuni o‘zgartirish mumkin. Snikerslar elektron siyohlar asosidagi ekranlar bilan jihozlangan.

Foto: Hi-Tech Mail

Vixole Matrix'dan farqli o‘laroq, bu yerda moslashuvchan displey maydonning 80 foizini egallaydi, shuning uchun poyabzal tavsirni almashtirganda deyarli to‘liq o‘zgaradi. Boz ustiga, ularni hatto kir yuvish mashinasida yuvish ham mumkin. Shift Wear kinetik energiyadan zaryad oladi.

Ishlab chiqaruvchilar nafaqat Andoid va iOS, balki Windows boshqaruvi ostidagi qurilmalarga ham ilova chiqarishdi.

Intellektual krossovkalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi, ularning narxi 200 dollardan boshlanadi.

Pizza Hut Pie Tops

Krossovka yordamida pitssaga buyurtma bermoqchimisiz? U holda Pizza Hut kompaniyasining ixtirosi sizga yoqishi aniq.

Foto: Hi-Tech Mail

Ijodkor xodimlar "til"ida sehrli qizil tugma bo‘lgan krossovkalar partiyasini yaratishdi. Uni bosishingiz bilan botinkalar smartfonga ulanib, avtomatik ravishda siz joylashgan joyga pitssaga buyurtma beradi. Hech qanday qo‘ng‘iroqlarga hojat yo‘q: shunchaki o‘tirib, kechki ovqatingizni kuting, kurer krossovkaning joylashuvi bo‘yicha kerakli manzilni topib boradi.

Bunday poyabzalning ishlab chiqarilishi — shunchaki reklama usuli, biroq bu krossovkalar aqlli ekanini rad eta olmaydi. Dunyoda jami 64 juft shunday krossovka bor. Kelgusida ularning soni ko‘payishi ehtimoldan xoli emas.

Under Armour Speedform

Under Armour ishlab chiqaruvchilari krossovkalar sportchilar uchun haqiqiy murabbiyga aylanishi mumkin, degan qarorga kelishdi. Shu bois kompaniyada ishlangan smart-poyabzal egasiga nafaqat uning jismoniy holati to‘g‘risidagi ma'lumotlarni yetkazadi, balki bo‘lg‘usi mashg‘ulotlarga doir tavsiyalar ham beradi.

Foto: Hi-Tech Mail

Masalan, yugurishdan avval krossovkalar mushaklarning charchoq darajasini baholash uchun sportchidan joyda turib bir necha marta sakrashni so‘raydi. Shundan keyin smartfondagi maxsus ilovada bo‘lg‘usi jismoniy mashqlarga doir muhim ko‘rsatmalarni ko‘rish mumkin. Masalan, kuchni asrash yoki me'yoriy tempda yugurish. Bu maslahatlar sportchiga tonusda bo‘lishga va jarohatlarning oldini olishga yordam beradi.

Under Armour krossovkalari sotuvga chiqib bo‘lgan, ularni 140 dollar evaziga xarid qilish mumkin.

Nike HyperAdapt 1.0

"Kelajakka qaytish 2" filmidagi afsonaviy krossovkalarni tilga olmay iloj yo‘q. Nike kompaniyasi fanatlar iltimosiga quloq tutib, Marti Makflay filmda harakatlangan, bog‘ichi o‘z-o‘zidan taqiluvchi krossovkalarni ishlab chiqardi.

Foto: Hi-Tech Mail

Dizaynga hech qanday shikoyat yo‘q. U original prototipni takrorlamasa-da, krossovkalar ancha futuristik ko‘rinadi. Biroq poyabzal funksionali biroz oqsamoqda: avtomatik bog‘ichlar biz xohlagandek tezkor ishlamaydi. Ba'zan esa bog‘ichlarni qattiqroq taqishi uchun tugmachani qo‘shimcha bosishga to‘g‘ri keladi.

Bundan tashqari, krossovkalarni ikki haftada bir marta zaryadlash kerak bo‘ladi, zaryadlash jarayoni taxminan uch soat davom etadi.

Krossovka narxi — 720 dollar.

Mavzuga oid
Top