20:08 / 17.12.2017
32673

Andijon viloyat YHXBda ishlarni tezda amalga oshirishning imkoni yo‘q. Qiziq, nega?

Foto: KUN.UZ

Hozir ko‘chada nima ko‘p? Adashmadingiz, avtoulov ko‘p!

Taraqqiyot odimlab emas, yugurib ketmoqda. Buyog‘iga “temir do‘st”larimizning soni yildan yilga oshsa oshadiki, aslo kamaymaydi. Mashina olib, minish yaxshi, lekin uning o‘ziga yarasha g‘alvasi va muammolari bor. Olasanu, minib keta olmaysan. Tegishli hujjatlar va raqamlarni rasmiylashtirib ol-da, uzog‘ingni yaqin qil. Oddiy kishilar yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limini aytishga qiynaladi, shuning uchun xalq tili bilan aytganda “GAI”ga borib, hujjatlarni to‘g‘rilashi kerak. Lekin mana shu zarur hujjatlarni yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limiga borib, tezda hal qila olsang, qani edi?..

KUN.UZ tahririyati elektron pochta manziliga Andijon yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi huzuridagi ro‘yxatga olish bo‘limidagi holat bo‘yicha murojaat keldi. Bu murojaatni o‘rinli arz, desak yanada to‘g‘ri bo‘lar...

Mazkur bo‘limga avtomobil egalari texnika vositasini boshqarish uchun ishonchnomalar, avtoulovlarga davlat raqamini olish, siqilgan gaz ballonlarini rasmiylashtirish kabi qator hujjatlarni olish maqsadida borishadi.

Murojaat qilgan fuqaroning bildirishicha, bu yerda yuqoridagi ishlarni tezda amalga oshirishning imkoni yo‘q ekan. Odam ko‘p, to‘lov qilish uchun bir donagina darcha ishlab turibdi ekan, xolos. Navbat kutib, soatlab vaqt sarflayotganlarning soni juda ko‘p. Qachon borsang, o‘ttizga yaqin kishi navbatda turgan bo‘ladi, qishning sovuq mavsumida ish bitirgani kelganlarga umuman sharoit yo‘q. Yagona bo‘lgan kassaga navbat turib, odamlar bir-birini kayfiyatini buzyapti, - deydi murojaat egasi.

Inson uchun eng qimmatli narsa – vaqt. Xodimlar va to‘lov kassasi sonini oshirish, shaharga yaqin tumanlardagi yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limlarida ham ana shunday xizmatlar tashkil etilsa, ko‘plab kishilarning vaqti tejalgan bo‘lar edi.

Foto: KUN.UZ

O‘ylaymizki, mutassadilar ushbu holatni tez kunda bartaraf etishadi.

Top