O‘zbekistonda qish mavsumi hukm surmoqda. Bu esa avtomobil egalariga turli xil tashvishlarni keltirib chiqaradi. Xususan, qishki shinalar xarid qilish, dvigatel antifrizini almashtirish, akkumulyatorni yana bir bor ko‘zdan kechirish. Oynalarning bug‘lanishi ham haydovchilarning asabiga tegadigan jihatlardan biridir. 

GM Uzbekistan alyansining ijtimoiy tarmog‘ida antifriz va oynalar bug‘lanishiga qarshi o‘z tavsiyalari e'lon qilindi. Dastavval oynalar bug‘lanishi haqida.
 
«Mashinangiz oynalari bug‘lanishiga qarshi qanday kurashish lozim?»

Oynalarning bug‘lanishi aksariyat haydovchilarning muammosi sanaladi, ayniqsa qishki mavsumda. Bugun «GM Uzbekistan’dan maslahatlar» rukni orqali avtomobilingiz oynalarining bug‘lanishidan qutilishning 4 xil usulini boxabar bo‘lasiz!

1-usul. Oynalarga havo yuborib tozalash usulini yoqing. Deflektorlardan havo oqimini oynalarga yo‘naltiring hamda haroratni ko‘taring. Agar avtomobilda konditsioner bo‘lsa u bir necha daqiqada havoni quritadi.

2-usul. Salonni shamollating. Salonni shamollatish ichki va tashqi harorat o‘rtasidagi farqni mo‘'tadillashtirish imkonini beradi, bu esa oynalar bug‘lanishini bartaraf etishga xizmat qiladi.

3-usul. Bug‘ga qarshi suyuqlikni qo‘llang. Bozorda bug‘ga qarshi suyuqliklarning turli xili mavjud. Ular oynada ta'sir prinsipi sezilmaydigan qoplama hosil qiladi. Bu esa suv tomchilarining yuzaga kelishiga to‘sqinlik qiladi. Buning uchun uni purkab oynalarni yumshoq matodan bo‘lgan salfetka bilan artish kifoya. 

4-usul. Bug‘ga qarshi qoplama. Oynalarni optika va mototsikl shlemlari yoki savdo uskunalarida ishlatiladigan maxsus plyonka bilan qoplash noodatiy va shu bilan birga uzoq muddatli yechim sanaladi.

Endi dvigatelni sovutish tizimi haqida. Xo‘sh, avtomobil egasi antifriz haqida nimalarni bilishi lozim? 

Birinchi galda yodingizga solib o‘tish kerakki, avtomobil antifrizi - bu dvigatelni sovitish tizimining eng asosiy tarkibiy qismlaridan biri sanaladi. U bir umrlik emas, avtomobilning boshqa suyuqliklari singari antifrizni ham almashtirib turish lozim. 

Matiz, Damas, Labo rusumli avtomobillarning antifrizini almashtirish jarayoni har 40 000 kilometrda, Captiva, Malibu, Orlando modellarida esa sal kamroq - har 24 000 kilometr yoki 5 yilda bir marta o‘tkazilishi kerak.