19:12 / 17.12.2017
14961

Tahririyatga murojaat: Farg‘onaning “Iftixor” QFYsi nega besabab gazdan uzildi?

Foto: Getty Images

KUN.UZ’ga murojaat yo‘llandi. Uning nima haqida ekanligi haqida gapirib o‘tirmay, maktubning mazmuni haqida sizlarni tanishtirishga qaror qildik.

“Assalomu alaykum. Farg‘ona viloyati, Quva tumani, “Iftixor” qishloq fuqarolar yig‘iniga qarashli “Yomonjar” (ba'zi o‘rinlarda “Narimon”) deb yuritiluvchi, 263 xo‘jalikdan tarkib topgan mahalla aholisi hozirda tabiiy gaz ta'minotining uzib tashlangani bois tang ahvolda qolgan. Buning batafsil tafsiloti quyida keltiriladi.

Bizning mahalla bugungi kungacha o‘z mavqei, o‘z o‘rniga ega bo‘lgan, aholisi jonkuyar, mehnatkash, boriga qanoat qiluvchi oddiy odamlardan tarkib topgan. Bu yerda hamma bir yoqadan bosh chiqarib, ahillikda qariyb 50 yildan buyon oqma gaz tizimidan unumli foydalanib, to‘lovlarni o‘z vaqtida yetkazib, xavotirsiz va halovatda yashab kelayotgandik. Biroq, qo‘qqisdan, ayni qish chillasining yaqinlashuvi, ya'ni 1 noyabrdan tuman gaz rahbariyati tomonidan yonib turgan gazimiz uzib tashlandi. Emishki, bizning mahalla “qoniqarsiz, gaz yetib bormaydigan hudud” ekan. Ularning gapiga rozi bo‘lsak ham, aqlimiz bir narsaga yetmayapti. “Nega bizga qo‘shni, atrofimizda joylashgan, hattoki 5-6 km uzoqlikdagi masofadagi mahallalarda gaz tizimi mavjud? Ehtimol, bu yerda ba'zi bir qo‘shtirnoq ichidagi odamlarning tanish-bilishchilikka asoslangan munosabatlari ustunlik qilmayaptimikin?..”. Ha, albatta, huddi shunday bo‘layapti.

Shu o‘rinda aytib o‘tishimiz joizki, muhtaram prezidentimiz 2017 yil “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari”yili" munosabati bilan bir qancha qonun – farmoyishlarni joriy etdi. Sir emaski, bularning ostida xalq manfaatlari, faravonligi va ular ehtiyojlarining ma'lum darajada qondirish yotadi. Shuningdek, davlat rahbarining o‘z nutqida “Xalq organlar uchun emas, balki organlar xalq uchun xizmatda bo‘lsin”, degan fikrlarini ham eslab o‘tishimiz lozim. Hatto har bir davlat mutasaddisining gaz isitish tizimi, elektr energiyasi, soliq sohasi va boshqalarni ta'minlash, to‘lovlarni aholidan o‘z vaqtida yig‘ib olish, kerak bo‘lsa, eshikma eshik yurib bo‘lsa ham, xalqning dardini eshitib, ularning mushkullarini yengillashtirishi kerakligiga ham alohida urg‘u berib o‘tgan.

Ayni shunday vaziyatda ba'zi bir, qo‘pol qilib aytganda, o‘z vazifalarini suiiste'mol qilayotgan rahbarlar bunga ko‘r-ko‘rona qarshi chiqayapti. Masalan, Quva gazlashtirish idorasi boshlig‘i Baxtiyor Ahrorov kabilarning “Qadaming yetgan joygacha bor, gazingni yoqib bermayman”, degan gaplarini yuragimizga og‘ir olsak-da, ichimizga yutib, biz — jabrdiyda xalq bir necha tegishli joylarga ariza bilan chiqdik (“O‘ztransgaz”, tuman va viloyat hokimliklari hamda Bosh vazir qabulxonasiga butun xalq nomidan yozma murojaat bilan). Ammo shu kungacha biror samaraga erisholganimizcha yo‘q.

Ayni damda qishning ayozli, sovuq kunlari hukm surayotgan bir vaqtda gaz muammosi bizga og‘ir zarba bo‘ldi. Turli xil qiyinchiliklarga duchor qildi. Aholimizning jonlari birdek azobda. Birinchidan, yoshlari 85-100ga yaqinlashib qolgan nuroniylar, oramizda uchraydigan nogironlar, yotoqqa mixlanib qolgan kasalmandlar, go‘daklar sovuqdan aziyat chekmoqda. Ularning sog‘liqlari yomonlashmoqda. Ayrimlarida allergik kasallik mavjud bo‘lgani bois, o‘tin yoqish orqali isitish pechlaridan chiqadigan zaharli tutun oqibatida uyqusizlik, yo‘tal kabi balolarga giriftor bo‘lmoqda. Hatto ayrim xonadonlar isitish uchun o‘tin sotib olishga qurblari yetmaydi. Ba'zilari bir hovlida uch xo‘jalik yashaganlaridan isitish tizimi, kunlik ehtiyojlarini qoplash uchun yetarli mablag‘ga ega emas. Uzoq yillik foydalanib kelinayotgan gazga ishonib, biz qishki mavsumga umuman tayyorgarlik ko‘rmagandik.

Ikkinchidan, biz pishiqchilik mavsumida daromad ko‘radigan ko‘plab mevali daraxtlarimizni yoqib, jonimizni isitish uchun foydalanmoqdamiz.

Aslida “Yomonjar” mahallasi tuprog‘i unumdor, iqlimi gilos, nok, olma kabi ho‘l mevalarni yetishtirishga moslashgan hududlardan sanaladi. Natijada, biz yetishtiradigan gilos mevalari boshqa hududlarnikidan tubdan farq qiladi: ichi to‘q, rangi tiniq, issiqqa chidamli, ko‘rinishi va sifatini uzoq saqlaydigan xilidan. Shuning uchun gilos eksporti bizda ancha rivojlangan. Har bir xo‘jalikda gilos asosiy mevali daraxt sifatida o‘stiriladi. Ba'zilarining yoshi 20-25 yilga yetadi. Gilosni eksport qilish orqali ko‘plab kichik tadbirkorlar davlat byudjyetiga sezilarli tarzda foyda yetkazishmoqda edi.

Bilamizki, meva – sabzavot mahsulotlarini yetishtirib, ularni xalqdan orttirib chet davlatlariga eksport qilish masalasi bugungi kunimizning old rejalaridan va ularning amalga oshirilishi ham boshlab yuborilgan. Ko‘plab qarovsiz yerlar, shu bilan birga, foydalanib turilgan hududlarda bog‘dorchilikni rivojlantirishga katta e'tibor qaratilgan. Shunday ekan, hozirgi ayni bizning bu vaziyatimizda to‘g‘ri yo‘l tutayapmizmikin? Daromad manbaimizni yoqib, kulga aylantirib, ertaga afsus qilib qolmasmikanmiz?

Joyi kelganda aytish kerak-ki, birinchi prezidentimiz shaxsan o‘zlari qishlog‘imizga tashrif buyurib, mehnatkash xalqimizning qo‘llaridan siqib, ruhlantirib ketgandilar. Boshlagan ishimizni oxiriga yetkazib, xalqning rivojiga davlat bilan birgalikda yanada birdamlikda jon kuydirishimizni eslatib o‘tganlar.

Aytgancha, sizlardan bir narsani o‘tinib so‘raymiz: “Qoniqarsiz, gaz yetib bormaydigan hudud”, degan gaplar sizlarga ham yetkazilsa, iltimos, bu bo‘htonlarga ishonmang. Bizga yordam bering. Yana shu xo‘rlikda qolib ketishimizga, umidlarimizning sarob bo‘lib, puchga chiqishiga yo‘l qo‘ymang. Hurmat va ehtirom bilan Farg‘ona viloyati, Quva tumani, Iftixor QFYning jonkuyar aholisi”.

Bunga o‘xshash murojaatlar tahririyatimizga juda ko‘p kelmoqda. Nazarimizcha, bu kabi mavzularga hali juda ko‘p qaytadiganga o‘xshaymiz. Yuqoridagi masala yuzasidan esa, mutasaddi rahbarlardan izoh va amaliy yordam so‘rab qolamiz.

Top