11:30 / 17.12.2017
10454

Toshkent delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Tatariston Respublikasida bo‘ldi

Toshkent viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Odilxon Rustamov boshchiligidagi delegatsiya 2017 yilning 5-8 dekabr kunlari amaliy tashrif bilan Tatariston Respublikasida bo‘ldi.

Tatariston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari - Tatariston Respublikasi sanoatni rivojlantirish vaziri Albert Karimov «Kazan» xalqaro aeroportida O‘zbekiston delegatsiyasini kutib oldi.

Albert Karimov Toshkent viloyati delegatsiyasining Qozonga tashrifi Rossiya-O‘zbekiston munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan Tatariston va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.

Shu kunning o‘zidayoq delegatsiya Verxneuslonsk tumanida barpo etilgan Innopolis shahriga tashrif buyurdi. Mehmonlarni Innopolis shahri meriyasining investorlar bilan hamkorlikda ish olib borish bo‘limi boshlig‘i Denis Ismailov kutib oldi. Uchrashuvda mezbonlarga Toshkent viloyati delegatsiyasining tashrifidan asosiy maqsad o‘zaro uzoq muddatli mintaqalararo hamkorlikni yanada rivojlantirish nazarda tutilganligi yetkazildi.

Toshkent viloyati delegatsiyasi "Kazanskaya yarmarka" ko‘rgazmalar zalida 17-xalqaro ixtisoslashtirilgan "Qozon. Metallni qayta ishlash. Mashinasozlik" va 12-xalqaro ixtisoslashtirilgan "TechnoSvarka" ko‘rgazmalarining ochilish marosimida ishtirok etdi. Marosimni ochishda Tatariston Respublikasining Prezidenti R.Minnixanov so‘zga chiqib, bu yilgi ko‘rgazmada dunyoning 17ta mamlakatidan, Rossiya Federatsiyasining 20ta hududidan jami 153ta kompaniya ishtirok etayotganligini, ekspozitsiyalarda mashinasozlik va metallni qayta ishlash sohasidagi eng so‘nggi texnologiyalar, innovatsion sistemalar, yangi rusumli uskuna va moslamalar taqdim etilayotganligini ta'kidladi.

Ushbu ko‘rgazma Worldskills international ijroiya direktori Devid Xoui, Toshkent viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari O.Rustamov, Tatariston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari A.Karimov va Tatariston Respublikasi Prezidenti R.Minnixanov tomonidan ochib berildi.

Amaliy tashrif davomida Odilxon Rustamov boshchiligidagi delegatsiya Tatariston Respublikasining qishloq xo‘jaligi, sanoatni rivojlantirish, avtomobil yo‘llari va transport, arxitektura, qurilish va uy-joy xo‘jaligi vazirliklari rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazib, uchrashuvlar davomida O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, yetishtirilayotgan meva-sabzavotlar, poliz ekinlari, uzum va dukkakli o‘simliklarning sifati, qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarining tarkibiy hususiyatlari, ekologik soflik darajasi yuqoriligi haqida to‘xtalib, bu borada o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan tomonlar manfaatdor ekanligini ta'kidlab o‘tildi.

Toshkent viloyati delegatsiyasining Tatariston Respublikasiga tashrifi davomida Tatariston Respublikasining vazirliklari, tibbiyot va ta'lim muassasalari, yirik korxonalari hamda Toshkent viloyati hokimligi, Bekobod, Ohangaron, Olmaliq, Yangiyo‘l shaharlari, viloyatning yirik korxonalari o‘rtasida o‘zaro  istiqbolli hamkorlikni ko‘zda tutuvchi kelishuvlar, shartnoma va memorandumlar imzolandi.

Top