Nizomi Ganjaviy nomidagi Ozarboyjon Milliy Ilmiy Akademiyasi (OMIA)da "Asl do‘stona ildizlar: Ozarboyjon-O‘zbekiston madaniy-adabiy aloqalari" mavzusidagi ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Anjuman ishtirokchilari O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomli Madaniyat Markazi loyihasi doirasida so‘nggi vaqtlarda Toshkentda o‘zbek tilida chop etilgan kitoblar, shuningdek o‘zbek madaniyati, urf-odatlari va an'analarini aks ettiruvchi ko‘rgazma bilan tanishishdi.

Foto: Haydar Aliyev nomli Ozarboyjon Madaniyat markazi

OMIA vitse-prezidenti, Adabiyot Instituti direktori, akademik Iso Habibbeyli so‘nggi yillarda Ozarboyjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarining rivojlanayotgani, madaniy-adabiy aloqalarning kengayayotgani haqida so‘zladi. Olim ikki davlat aloqalarining tamal toshi O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov va umummilliy yetakchi Haydar Aliyev tomonidan qo‘yilgani, bugungi kunda bu munosabatlar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarboyjon davlat rahbari Ilhom Aliyev tomonidan muvaffaqiyatli davom ettirilayotganini ta'kidladi. 

Iso Habibbeyli ikki mamlakat aloqalarining rivojlanishida Nizomi Ganjaviy, Muhammad Fuzuliy, Bobur, Nasimiy, Amir Temur va boshqa mashhur shaxslarning o‘chmas rolini alohida qayd etdi va bu ikki mamlakatning madaniyati hamda adabiyoti bir-biriga hamohang tarzda rivojlanayotganiga e'tibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Adabiyot Institutida O‘zbekiston adabiyoti vakillari ijodi targ‘iboti bo‘yicha muhim ishlar olib borilmoqda. O‘tgan yili Institutda Ozarboyjon-O‘zbekiston-Turkmaniston adabiy aloqalari bo‘limi ish boshladi, olib borilayotgan tadqiqotlar natijasida bir necha kitoblar chop etildi, Ozarboyjonda yashab ijod qilgan o‘zbek adabiyoti taniqli vakillarining merosi o‘rganildi. Olim OMIAning O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi bilan hamkorligiga urg‘u berar ekan, mazkur anjumanni mustaqillik yillaridagi O‘zbekiston-Ozarboyjon munosabatlaridagi muhim hodisa deb atadi. 

O‘zbekistonning Ozarboyjondagi elchisi Sherzod Fayziyev anjumanda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning yuksak darajada rivojlanayotganini ta'kidlab, musulmon mamlakatlari o‘rtasida ilm-fan, madaniyat sohasidagi aloqalarni kuchaytirish zarurligini alohida qayd etdi. Shuningdek elchi mamlakatlarimiz Islom madaniyati va jahon madaniy-tarixiy merosining markazi hisoblanishini ta'kidladi.