Nyu-Yorkda sobiq SSSRda tug‘ilgan to‘rt kishi va bir nafar amerikalik topshirilgan bo‘sh idishlar bilan bog‘liq firibgarlikda ayblanib hibsga olingan. Bu haqda gulflifestyle.com ma'lum qilmoqda.
Guruhga toshkentlik 46 yoshli Eldor Rahimov boshchilik qilgan, uning ukasi Nozim, 32 yoshli tanishi Vladimir Zabrodin va tengdoshi Ruslan Qodirov hamda 64 yoshli Jozef Finneranga firibgarlik uchun nazariy jihatdan 20 yillik qamoq jazosi tahdid solmoqda.
Qamoq muddati jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan daromadlarning miqdoriga ham bog‘liq bo‘ladi. Nyu-Yorkning Janubiy okrugi prokuraturasi hibsga olinganlar tomonidan qo‘lga kiritilgan jami daromadni hozircha 300 ming AQSh dollariga baholamoqda.
Boshqa tomondan, bunchalik summani ishlab topish uchun ular pivo, sharbatlar va salqin ichimliklardan bo‘shagan milliondan ortiq shishalarni topshirishi kerak bo‘lgan.
1983 yilda Nyu-Yorkda qabul qilingan qonunga ko‘ra, pivo va salqin ichimliklar idishiga 5 foizlik ustama joriy etilgan. Bo‘shagan idishlarni qabul qilish punktlarida shu summaga topshirish mumkin.
Qabul punktlari, asosan, do‘konlar tamburi yoki yordamchi xonalarda joylashtirilgan avtomatlardan iborat bo‘ladi. Avtomat topshirilayotgan idishlarni sanab, kassada olish mumkin bo‘lgan naqd pulga kvitansiya chiqarib beradi yoki tanga-chaqalarda darhol to‘lab beradi.
Vino va boshqa kuchli alkogolli ichimliklarning shishalari Nyu-Yorkda qabul qilinmaydi va ular idishi uchun ustamasiz sotiladi.
Har bir mashinadan ming dollar
FQB tergovchisi Aaron Ottersonning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili xufyona kazinoda pul yutqazgani uchun undan pul talab qilayotgan insonlardan shikoyat qilib bir kishi hokimiyatga murojaat qiladi.
O‘sha erkak yashirin ayg‘oqchi bo‘lishga rozi bo‘ladi, jumladan, pul talab qilayotgan insonlarning ovozini yozib oladi va soxta yuk xatlarini suratga tushirib yuradi.
Tergovchi Ottersonning sudga ma'lum qilishicha, ayg‘oqchi FQBga pul uchun emas, qilgan jinoiy xatti-harakatlari uchun jazoni yengillashtirish maqsadida ishlaydi.








