18:14 / 18.12.2017
6530

Alphabet X'ning yangi texnologiyasi millionlab hindistonliklarni internetga ulaydi 

Foto: East News

Alphabet kompaniyasining tajriba bo‘limi hisoblangan Alphabet X Hindistonning Andxra-Pradesh shtati hukumatiga Free Space Optical Communications (FSOC) texnologiyasini sotish haqida e'lon qildi. FSOC - mamlakatning qishloq hududlari aholisiga internetga ulanish imkonini beruvchi erkin aloqa optikasi.

Alphabet kompaniyasi hind shtatiga Project Loon tashabbusi doirasida ishlab chiqilgan 2 ming FSOC qurilmasini taqdim etadi. Bu yirik nuqtalar -  mobil aloqa minoralari va Wi-Fi zonalariga ulanuvchi kichik qutichalar. Ular bir-biridan bir necha kilometr narida, tomlar yoki ustunlarda joylashgan bo‘lib, yorug‘lik nurlari vositasida xabarlashadi hamda yaqin oradagi mintaqalarni tezkor internet bilan ta'minlaydi. 

Bugunga kelib, Andxra-Pradesh aholisining 20 foizi tarmoqqa kirish imkoniga ega. Shtat hukumati maqsadi — 2019 yilga borib, 12 million uy xo‘jaligi va korxonalarni internet bilan ta'minlash. Rejadagi tezlik fuqarolar uchun - 15-20 Mbit/s va tashkilotlar hamda xususiy kompaniyalar uchun - 1 Gbit/s.

FSOC texnologiyasi birinchi marta Project Loon aerostatini ishlab chiqishga doir loyihada Google X tomonidan qo‘llangan. Havo sharlari stratosferaga ko‘tarilib, sayyora aholisini 4G LTE simsiz aloqa standarti bilan ta'minlashi kerak edi. Kuzda kompaniya uni "Mariya" dovuli asoratlarini bartaraf etishda yordam berish uchun  Puerto-Riko uzra ishga tushirdi.

Alphabet kompaniyasi FSOC jihozlarini Loon loyihasining "yangicha yondashuvi" deb atadi. Alphabet X muhandislaridan iborat jamoa texnologiyani tatbiq etishga ko‘maklashish uchun Hindistonga yo‘l oladi. 

Top