Yana boshlandi...
Kuz-qish mavsumi kelishi bilan KUN.UZ elektron pochtasiga elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar bitilgan murojaatlar kelishi ko‘payadi. O‘zbekistonning turli chekkalaridan yuborilgan mazkur maktublarda elektr energiyasining uzoq vaqt va tez-tez o‘chishi bilan bog‘liq masalalar tilga olinadi. O‘tgan 2016 yilning mazkur mavsumida ham shu kabi muammolar turli maqolalar ko‘rinishida sayt orqali e'lon qilingan edi. Odamlar bu yilgi o‘zgarishlardan katta umid qilishganmi, ular yozgan maktublarda bu haqida juda ko‘p so‘z yuritilgan. Ularning ayrimlarini e'tiboringizga havola etamiz.
“Assalomu alaykum. Ismim Eldorjon. Men Qashqadaryo viloyati, G‘uzor tumani, Toshguzar qishlog‘ida yashayman. Qish eshigini qoqibdiki, 24 soat davomida 24 daqiqa ham chiroq yonmaydi. Sho‘rtan zavod yonimizda. Shu zavodning zahrini yutib yashaymiz-u, lekin gazdan darak ham yo‘q. Hurmatli KUN.UZ xodimlari: oddiy xalq nima qilsin? Iltimos, shu haqda ham biror nima yozinglar, shoyad foydasi tegib qolsa...”.
“Namangan viloyati, Chortoq tumani, Koroskon shaharchasida yashayman. Qish mavsumi boshlanishi bilan bir sutkada bor-yo‘g‘i bir-ikki soat elektr ta'minoti berishyapti. O‘zim-ku mayli, ammo uyda yosh bolam bor.
Prezidentimiz qishloqlarda ham chiroq o‘chmasin, deb ta'kidlagandilar. Hayron bo‘ladiganim – nega hech kim davlatimiz rahbarining ko‘rsatmalariga amal qilmaydi? Yoki hokimlarimiz tomonidan biror o‘yin ko‘rsatilyaptimi? Pullar cho‘ntakka borib tushyaptimi?
Shahar joylarida elektr energiyasi bilan ta'minlanish zo‘r, ularda umuman chiroq o‘chmaydi. Ammo qishloqda o‘chadi. Nima, qishloqdagilar odam emasmi? Haqiqat qayerda? Nega bir qora xalqqa hech kim qaramaydi?!”.
“Assalomu alaykum KUN.UZ tahririyatining hurmatli xodimlari. Sizlarga shuni ma'lum qilaman-ki, Qashqadaryo viloyati, Yakkabog‘ tumani, “Esat” fuqorolar yig‘inida (jami 12 ta qishloq) yashovchi aholi xonadonida uch kundan buyon elektr energiyasi umuman yo‘q. Hurmatli KUN.UZ, sizlar O‘zbekiston Respublikasida 2017 yilda elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar kuzatilmaydi, deb e'lon qilgan edingiz. Ammo hozirgacha qishloq joylarda chiroq yo‘q. Nega? Sizlardan iltimos, Prezidentimiz hurmatli Shavkat Mirziyoyev ta'kidlab o‘tganidek, “biz xalq farovonligi uchun xizmat qilishimiz va biz xalq xizmatkorimiz”, degan shiorga amal qilishingizni so‘raymiz”.
Murojaatlarning yana birida shunday deyiladi:
“Assalomu alaykum. Ismim O‘tkirbek. Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida istiqomat qilaman.
Mana, bugun, 15 dekabr kuni bizning tumanda kuni bo‘yi 6 marotaba 2 soatdan elektr energiyasini uzib qo‘yishdi. Borib so‘rasam har xil bahonalar qilishdi. Mana shu holatni videoga olganman. Judayam qiynaldik. Har kuni ertalab 5 dan to 6-30 gacha, keyin 7-30 dan 12 gacha, tushga borib 13-00 dan 16-00 gacha, so‘ngra 17-30 dan 19-00 gacha va 20-20 dan yana o‘chirishdi. Sizlardan iltimos, kelib yordam bering”.
Yana bir maktub mazmuni quydagicha:
“Assalomu alaykum KUN.UZ saytining jonkuyar xodimlari. Men Andijon tumani, Xortum qishlog‘ida yashayman, hunarmandman. Prezidentimizning xalq manfaatlari yo‘lida qilayotgan ishlari, xalq uchun qayg‘urishlari, ayniqsa, kichik biznes va tadbirkorlik sub'yektlarini yanada rivojlantirish, ularga keng imkoniyatlar hamda kattadan-katta imtiyozlar berish uchun amalga oshirayotgan islohotlari tahsinga loyiq.
Jumladan, meni eng hayajonga solib, to‘lqinlantirgan bir gaplari bor: "Bir tadbirkor o‘zi mustaqil tadbirkorlik faoliyati doirasida qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratsa, ish bilan ta'minlasa, u tadbirkorni boshimga ko‘taraman". Shu gap ta'sirida men ham shu vatan ravnaqi uchun ozgina bo‘lsa ham o‘z hissamni qo‘shgim kelaveradi.
Bir safar bozorga mahsulotimni olib-sotib beruvchi xaridor mijozimning yoniga bordim. "Aka, materiallarni mana bu–mana bu turlaridan bugun yoki uzog‘i bilan ertaga yetkazib berishingiz kerak. Faqat o‘ta zarur”, deb buyurtma berib qoldi. O‘zaro hisob-kitobdan so‘ng, uyga qaytishda olgan ozgina tushum pulimdan MIBchilar chiroq uchun to‘lov deb kelsa, bosh og‘rig‘i bo‘lmasin, deb tuman elektr tarmoqlari korxonasiga kirib, elektr energiyasi uchun oldindan to‘lovni 200 ming ortig‘i bilan to‘lab, “zakaz”ni bitkazish uchun tezda uyga qaytdim. Uyimiz qishlog‘imizning chekkaroq joyida joylashgan. Shunga qaramasdan hunarmandchilik sohasida yog‘och materiallariga ishlov berish bilan shug‘ullanamiz. Garchi faoliyatim norasmiy bo‘lsa-da. Hunarim yo‘nalishida o‘z uyimizda oilaviy hamda mahallaning o‘qishdan so‘ng bekor yurgan o‘smir bolalarini bo‘sh vaqtini samarali o‘tkazishlari uchun ish bilan ta'minlaganman.
Gapning indallosini aytganda, xalq manfaatlari yo‘lida qarorlar, farmonlar chiqarilganiga, bu yilgi qish mavsumi uchun elektr energiyasiga oldindan to‘lovlarni amalga oshirilganiga qaramasdan, umumiy qilib aytganda, bir sutkada 4-5 soat elektr berishayapti xolos. O‘sha kuni ham buyurtmani bajarish uchun uyga kelsam, chiroq yo‘q. O‘sha kuni shogirdlarimga beradigan pulimni elektr energiyasi uchun oldindan to‘lov qilib kelgandim, ular ham ranjib qolishdi. Ammo shunga yarasha ishlar ham bajarilmay qoldi o‘sha kun.
Bu ahvolda ketaversa, sohaga oid rahbarlar yana o‘sha eski tizim bo‘yicha ishlayversa, hech kim qayg‘urmasa, hamma sharoitlar shahar uchun yaratilaversa, biz qishloqdagi oddiy xalqni kim o‘ylaydi. Gaz to‘g‘risida, mayli, gapirmasam ham bo‘ladi. Xudoga shukur, mahsulotimiz chiqinidisidan o‘tin sifatida unumli foydalanib turibmiz. Lekin ishlab chiqarish sohasida bari-bir elektr energiyasining o‘rni boshqa ekan. Sizlardan iltimosim, elektr energiyasi muammosini hal qilish imkoniyati bor bo‘lsa, kerakli yordamingizni ayamaysizlar, degan umiddaman”.
Bunga o‘xshash murojaatlar soni juda ko‘p. Shu o‘rinda bir holatga e'tiboringizni qaratmoqchimiz. “O‘zbekenergo” AJning o‘z sayti bor. U anchadan buyon faoliyat olib boradi. Bu, tabiiyki, respublika aholisi mazkur sohadagi yangiliklardan o‘z vaqtida xabardor bo‘lib turadi, deganidir. Ammo shundaymikan? Afsuski, yo‘q. Mayli, kuz-qish mavsumida joylarda muammolar kuzatilayotgan ekan, shuning sababi “O‘zbekenergo” AJ sayti orqali qisqacha bo‘lsa-da, yoritib borilsa bo‘ladi-ku. Bu, birinchi navbatda, zamonaviy axborot texnologiyalaridan unumli foydalanish, ikkinchidan, aholini aniq va to‘g‘ri axborot bilan ta'minlashga kiradi. Ana shunda oddiy odamlar o‘zlari bilan bog‘liq bu kabi muammolarga noto‘g‘ri talqin berishmagan, tushkunlikka tushishmagan bo‘lardi.
Yuqorida keltirib o‘tilgan murojaatlar bo‘yicha mas'ul mutassadilar shug‘ullanishadi, deb umid qilamiz. Biz hali bu mavzuga yana qaytamiz...
Mavzuga oid
20:55 / 02.11.2024
O‘zbekistonda elektr energiyasi va metan gazi olish uchun 8 ta chiqindi yoqish zavodi, 1 ta chiqindi poligoni quriladi
10:20 / 30.10.2024
Zangiotada gazdan noqonuniy foydalangan shaxslar ushlandi
21:29 / 29.10.2024
Jizzaxda 8,6 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan “metan zapravka” aniqlandi
15:54 / 29.10.2024