16:25 / 18.12.2017
14699

MXX chegara qo‘shinlari noyabrda necha nafar chegarabuzarni qo‘lga olgani ma'lum bo‘ldi 

Davlat chegaralarini qo‘riqlash bo‘yicha qo‘mita vakilining ta'kidlashicha, joriy yilning noyabr oyida chegarachilar 134 nafar chegarabuzarni qo‘lga olishdi. Jumladan, Qirg‘iziston bilan chegarada - 76, Qozog‘iston - 48, Tojikiston - 9 va Afg‘oniston bilan chegarada 1 nafar chegarabuzar ushlandi. Turkmaniston bilan chegarada qonunbuzarlar qayd etilmadi.

O‘zbekiston chegarasidan 1 milliard 580 million so‘mlik tovar-moddiy boyliklarni noqonuniy ravishda olib kirishga bo‘lgan urinishlarga chek qo‘yildi. Asosan bu maishiy texnika, parfyumeriya va boshqa mahsulotlardir. Xatlovga olingan tovarlarning asosiy qismi Qirg‘iziston va Qozog‘iston chegaralariga to‘g‘ri keladi.

Masalan, 2 noyabr kuni Farg‘ona viloyati Quvasoy shahrining Qirg‘iziston bilan chegarada joylashgan Gorgaz posyolkasida chegarachilar O‘zbekistonga qiymati 39 million so‘mdan ziyod bo‘lgan elektr lampalarni noqonuniy ravishda olib kirishga bo‘lgan urinishga chek qo‘yishdi.

Quvasoyda yana bir kontrabanda tovar-moddiy boyliklar partiyasi 17 noyabr kuni ushlandi. O‘shanda "Qoziqo‘rg‘on" mahallasi hududida 76 mln so‘mlik tovarlar musodara etilgan.

Kontrabandachilar faunaning qo‘riqlanuvchi obektlarini olib o‘tishdan ham tap tortishayotgani yo‘q. 28 noyabr kuni Sirdaryo viloyatining Qozog‘iston bilan chegaradosh bo‘lgan Yangihayot aholi punktida chegarachilar tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida O‘zbekistonga noyob turdagi 9 ta lochinni olib o‘tishga uringan chegarabuzar qo‘lga olindi. Ekspertlar hayvonlarni 303 million so‘mga baholashdi.

Qo‘lga olish holatlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi doirasida tegishli tadbirlar olib borilmoqda.

Top