Bir yildirki mamlakatimizda jiddiy islohotlar boshlandi. Nomigagina, ko‘zbo‘yamachilik uchun emas, haqiqatda isloh qilish uchun, xalqning yukini yengil qilishga, majruhlangan iqtisodiyotni sog‘lomlashtirish, uni oyoqqa turg‘izishga qaratilgan islohotlar...

Bularni amalga oshirish uchun otning kallasidek yurak, tinimsiz shijoat va teran zakovat lozim. Shukrki, bularning barchasi islohotlar tashabbuskori bo‘lgan davlat rahbarida mujassam. Ammo qars ikki qo‘ldan chiqadi. Islohotlarni hayotga tatbiq etish uchun asosiy ijrochilardan, eng avvalo, bu islohotlarni jiddiy qabul qilish, ko‘p marta ta'kidlaydiganim, bir ishni amalga oshirishda «bolta bilan» emas, aksincha aql bilan ish ko‘rishga o‘rganish talab etiladi.

Avvalgi tahliliy maqolalarimda bugun prezident qo‘ygan maqsadlarga erishishda to‘g‘anoq bo‘layotgan omillarga to‘xtalgandim. Ushbu maqolada taraqqiyotdan og‘dirayotgan qusurlarimizning ba'zilariga to‘xtalishga ahd qildim. Maqolada o‘zim bevosita guvohi bo‘lgan holatlar tilga olinadi, ammo axloq nuqtai nazaridan va masala aslida shaxsiy muammolar emas, umummilliy iztirob ekanligi bois, hodisa ishtirokchilarining ismi sharifi va lavozimini tilga olmayman.

Nartsizm

Qadim yunon afsonalariga ko‘ra shahzoda Nartsiss chiroyda tengsiz, ammo ayollar qalbini ranjitadigan, tuyg‘usiz kimsa bo‘lgan ekan. Uning dilozorliklari sabab muhabbat ma'budasi uni duoibad qiladi. Natijada uning qalbida ishq nish uradi. Ammo u boshqa birovnimas, suvning bo‘yida yuzini chayayotib, o‘z chiroyiga oshiq bo‘lib qoladi. O‘zini sevadi. O‘zini madh qiladi. Alal-oqibat o‘zining hajrida kuyib o‘lib ketadi. Shundan buyon o‘ziga maftunlar borki, barchasiga: «Nartsiss kasalligi bilan kasallangan», degan tashxis qo‘yiladi.

Nadomatki, bugun atrofimizga, jamiyatga nazar solsak, telekanallarimizni kuzatsak, markaziy nashrlarimizni o‘qisak, biz haqiqatda nartsizm kasalligiga duchor bo‘lganimizni ko‘ramiz. Hanuz o‘zimizga mahliyo bo‘lish, o‘z tariximiz bilan faqatgina g‘ururlanish, o‘zimizni madh etish, soxta obro‘ orttirish bilan bandmiz.

Mahalliy ijro hokimiyatdagi yig‘ilishlarda ishtirok etishdan-ku ortiq azob yo‘q. Deyarli barchasi bir xil konsepsiyada o‘tadi. Prezident tanqid qilgan sohalar ayovsiz tanqidbozlik kampaniyasiga aylantiriladi, topshiriqlar bir xilda beriladi: «Qanday bo‘lmasin bajarilsin!»

Boshqa muammolar gapirilmaydi, kechagi siyosatda yo‘l qo‘yilgan ba'zi kamchiliklar vijdonsizcha, ko‘r-ko‘rona qoralanadi va o‘tmishning yelkasiga ortiladi.

To‘xtang, janoblar,  sizga nima bo‘layapti? Agar prezident o‘tgan davrda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tilga olgan bo‘lsa, aynan qayerda xato qilinganini, nima sababdan shunday bo‘lganini bilgani uchun, o‘z vaqtida shaxsan bularning oldini olishga harakat qilgani, ammo unga bu imkonni berishmagani uchun haqli ravishda tanqid qilayapti. Sizlar-chi?