20:37 / 18.12.2017
24050

Rossiya Mudofaa vazirligi Tojikiston armiyasini qurollantirmoqda

Foto: Sputnik

Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi «​Afg‘oniston bilan chegarada vaziyatni qattiq nazoratga olish uchun Tojikiston hukumatiga qurol-yarog‘ hamda texnik vositalarni, jumladan, aloqa va havo hujumidan himoyalanish vositalarini, tank va vertolyotlarni yetkazib berishini»​ ma'lum qildi. Bu haqda tojik mahalliy nashrlari xabar tarqatgan.

«Rossiya Federatsiyasi hamda Tojikiston Respublikasi o‘rtasida tuzilgan xalqaro harbiy-texnikaviy shartnoma asosida ko‘mak yetkazib beriladi», deyiladi Mudofaa vazirligi bergan bayonotda.

Shuningdek, bayonotda ma'lum qilinishicha, Tojikiston Qurolli kuchlariga o‘qotar mashina, artilleriya, zirxli tanklar BTR-80, jangovar piyoda mashinalari BMP-2, T-72 rusumli tank vositalari, Mi-8 va Mi-24 rusumidagi vertolyotlar taqdim etiladi. Bundan tashqari, Rossiyaning havo hujumiga qarshi mudofaa kompleksi, tibbiy va topografik vazifalarni bajarish uchun mo‘ljallangan texnikalar ham Tojikistonga yuborilishi qayd qilingan.

Ma'lumot uchun, Rossiya Federatsiyasining ayni paytgacha Tojikiston hududida 201-son harbiy bazasi faoliyat yuritadi. Shuningdek, Qirg‘iziston hududida Rossiya Mudofaa vazirligiga qarashli aviatsiya bazasi ishlab turibdi.

Top