12:50 / 18.12.2017
16021

Saakashvili tarafdorlari Oktyabr saroyida gvardiyachilar bilan to‘qnashdi (foto va video)

Gruziyalik siyosatchi, Odessa oblastining sobiq gubernatori Mixail Saakashvilining tarafdorlari, Kiyevda Ukraina prezidenti Petro Poroshenkoning impichmenti uchun marsh o‘tkazayotgan namoyishchilar Oktyabr saroyini qamalga olishdi.

Namoyishchilar qo‘riqchilikdagi milliy gvardiyachilarga hujum qilishgan va bino eshigini buzishgan. Bino ichkarisida barrikada tashkil qilgan gvardiyachilar esa qarshi choralar qo‘llashgan. To‘qnashuvlar vaqtida 60 nafarga yaqin gvardiyachi jarohatlangan. Tibbiy yordam ko‘rsatilganidan keyin ularning 45 nafari o‘z xizmat vazifasini davom ettirgan, 15 kishi shifoxonaga olib ketilgan, ularning 13 nafari gazdan zaharlangan.

Qamal vaqtida portlash ovozlari ham eshitilgan, bino ichkarisi va tashqarida quyuq tutun hosil bo‘lgan.

Saakashvili mashina tomiga chiqqan va yig‘ilganlarni to‘qnashuvlarni to‘xtatishga, «provokatsiyaga uchmaslik»ka chaqirgan.

Sobiq gubernatorning so‘zlaricha, bu hodisa provokatsiya ortidan ro‘y berdi. «Bizga aytishgandiki, u yerga kirish va tadbir o‘tkazish mumkin. Kelganimizda esa konsert bo‘lyapti ekan. Bizni gaz bilan kutib olishdi. Bizda saroyni kuch bilan egallash rejasi bo‘lmagan. Hech qanday zo‘ravonlik rejasi bizda bo‘lmagan», — degan Saakashvili.

«Bu Oliy Rada emasku, nega bu yerda zo‘ravonlik qilyapsizlar! Kim bu binoga zarar yetkazmoqchi bo‘lsa, kechirib qo‘ysin, ular biz bilan emas», — degan u.

Ma'lum bo‘lishicha, bu vaqtda binoda bolalar bayrami o‘tkazilayotgandi.

Milliy politsiya rahbari Vyacheslov Abroskin ushbu holat bo‘yicha jinoiy ish ochilganini va aybdorlar javobgarlikka tortilishini ma'lum qildi.

Bundan oldinroq Saakashvili boshchiligidagi «Rux novyx sil» («Yangi kuchlar harakati») vakili Ivan Slobodyanik faollar Rada binosini qamal qilish rejasida ekanini aytgandi. Ular bu orqali davlat rahbari impichmenti bo‘yicha qonun qabul qilinishiga erishmoqchi bo‘lishgan.

Petro Poroshenkoni Ukraina prezidentligidan ketkazish uchun marsh 17 dekabr kuni Shevchenko parkida boshlandi. Namoyishchilar Nezalejnosti maydoniga (Mustaqillik maydoni) yurib kelishdi va bu yerda Saakashvili nutq irod qildi.

Saakashvili Kiyevda 8 dekabr kuni qo‘lga olingan, u Ukrainaning sobiq prezidenti Viktor Yanukovichdan olingan moddiy ko‘mak evaziga davlat to‘ntarishi tayyorlashda ayblangandi. Ammo 3 kun o‘tib u ozodlikka chiqdi.

Top