Mamlakatimizning barqaror taraqqiyotini ta'minlash maqsadida «Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi», degan tamoyildan kelib chiqib, bugungi kunda yurtimizda ishbilarmonlik va tadbirkorlik muhitini tubdan yaxshilash uchun yangi imkoniyat va imtiyozlar yaratilmoqda. Shu o‘rinda import o‘rnini bosuvchi, raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish, mamlakatimizning eksport salohiyatini yanada oshirish borasida qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinmoqda, deyiladi Samarqand viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati tomonidan KUN.UZ’ga taqdim etilgan maqolada.
Xususan, tashqi savdo faoliyatini yanada erkinlashtirish, tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarning eksport hajmlari va turlarini ko‘paytirish, tadbirkorlik sub'yektlarining raqobatbardoshligini oshirish va moliyaviy barqarorligini ta'minlash maqsadida, 2017 yil 3 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Tashqi savdo faoliyatini yanada erkinlashtirish va tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3351-son qarori qabul qilingandi.
Qarorga asosan:
- 2017 yilning 1 dekabridan boshlab, xizmatlarni (ishlarni) eksport qilish operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tkazib yuborilgan debitor qarzdorlik hosil bo‘lishini hisoblashning yagona muddati (120 kun) belgilangan;
- tadbirkorlik sub'yektlariga tovarlar, ishlar va xizmatlar eksportini oldindan to‘lovsiz, akkredetiv ochmasdan, bank kafolati va sug‘urta polisisiz eksport qilish huquqi berilgan;
- tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tkazib yuborilgan debitor qarzdorlik hosil bo‘lganligi uchun tadbirkorlik sub'yektlarining javobgarligi belgilangan;
- respublika bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlarning bojxona qiymatini tasdiqlash uchun import qiluvchilar tomonidan eksport bojxona yuk deklaratsiyasini majburiy taqdim etish va shu bilan birga «vaqtincha olib kirish» bojxona rejimidagi tovarlarni qayta eksport qilishga davlat bojxona xizmatlari organlari tomonidan ruxsatnoma berish talablari bekor qilingan;
- 2017 yil 1 dekabrdan boshlab tadbirkorlik sub'yektlariga tovarlarni, ishlar va xizmatlarni eksport kontraktini tuzmasdan, invoyslar asosida eksport qilish huquqi berilgan;
- eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishni tezlashtirish, bojxona rasmiylashtirish jarayonida axborot texnologiyalari samaradorligini oshirish maqsadida, sertifikatlash va ruxsat beruvchi organlar zimmasiga ruxsat beruvchi hujjat ma'lumotlarini «Yagona darcha» unifikatsiyalashtirilgan axborot tizimiga o‘z vaqtida to‘liq kiritilishini ta'minlash vazifalari yuklatilgan.








