O‘zbekiston | 15:53 / 18.12.2017
65782
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqi 1 mln 350 ming so‘mga yaqin ekani ma'lum qilindi

14 dekabr kuni XPKda bo‘lib o‘tgan sessiyada O‘zbekistonda o‘rtacha oylik daromad qancha ekaniga oydinlik kiritildi. Davlat statistika qo‘mitasi raisi Bahodir Begalovga ko‘ra, shu yilning sentabr oyi holatiga binoan respublikada o‘rtacha oylik daromad 1 mln 346 ming so‘mdir.

Foto: Baxodir Abdusalomovich Begalov - Davlat statistika 
qo‘mitasi Raisi, iqtisod fanlari doktori

O‘zbekistonda bugungi kunda eng ko‘p aholi Samarqand viloyatida istiqomat qiladi. Viloyatda 3,7 mln kishi yashaydi. Ikkinchi o‘rindagi Farg‘ona viloyati 3,6 mln kishi, Qashqadaryo viloyati 3,1 mln fuqaroga ega.

Shu yilning sentabr oyi holatiga binoan 1,3 mln o‘zbekistonlik xorijiy mamlakatlarda yashab, ishlayapti. Shu yilning yanvar-sentabr oyida respublikada o‘rtacha oylik daromadi 1 mln 346 ming so‘mni (166,31 AQSh dollari) tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14,3 foizga o‘sganini anglatadi. 

O‘zbekistonda xorijiy kapital ishtirokida jami 5421 ta korxona faoliyat yuritsa, shundan 3045 tasi qo‘shma korxonalar, 2376 tasi xorijiy kapital hisobiga barpo etilgan korxonalardir. Bunda asosan, Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Janubiy Koreya va Turkiya davlatlari sarmoyadorlari yetakchi hisoblanadi.

O‘zbekiston eksport tarkibining 14,3 foizini energiya manbalari, 6,3 foizini qora va rangli metallurgiya, 6,5 foizini kimyo sanoati mahsulotlari, 6,5 foizini oziq-ovqat va meva-sabzavot mahsulotlari tashkil etadi. 3,4 foizi paxta, 2,6 foizi mashina va uskunalardan iborat.

O‘zbekistonda 160 mingdan ortiq fermer xo‘jaliklari va 4,5 mln.dan ortiq dehqon yordamchi xo‘jaliklari faoliyat yuritib keladi.  

Mavzuga oid