18 dekabr oqshomida bo‘lib o‘tgan «Malaga» va «Betis» uchrashuvi Ispaniya chempionatida 16-tur o‘yinlariga yakun yasab berdi. «Tribuna» turning asosiy voqealariga to‘xtalib o‘tadi.

«Barselona» klasiko arafasida «mushtlarini mashq qildi»

Ernesto Valverde shogirdlari mavsumning birinchi davrasidagi klasikoga tayyorlanishmoqda. 23 dekabrda kechadigan yil o‘yinidan oldin kataloniyaliklar «Deportivo»ni qabul qildi, madridliklar bu haftada BAAda bo‘lib o‘tgan klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etdi.

Galisiyaliklarga qarshi o‘yinda Messi va jamoa yirik hisobda g‘alaba qozondi - 4:0. Ammo bu o‘yin ham mojarosiz o‘tmadi.

«Kamp Nou»ga kelgan muxlislar Messining naqadar omadsizligiga guvoh bo‘lishdi: argentinalik futbolchi 4 marta darvoza to‘sinlari va ustunini nishonga oldi. Bu ham yetmagandek, u penaltidan ham gol ura olmadi, uning zarbasini Ruben Martines qaytardi.

Bu o‘yinda Messining o‘rniga Luis Suares va Paulino ikkitadan gol urishdi. Braziliyalik futbolchi o‘yindagi eng omadli futbolchiga aylandi, u Messi va Albaning zarbalari darvoza ustunlaridan qaytgach ikki gol urdi. Urugvaylik hujumchining esa toza goli hisobga olinmadi: Suares rabona usulida to‘pni darvozaga yo‘llagan, darvozabon to‘pni darvoza ichidan qaytargandi. Hakam esa golni qayd etmadi va navbatdagi noroziliklar to‘lqinini boshlab berdi.

Suares rabona usulida gol urdi. Hakam yana «Barselona»ning toza golini inobatga olmadi

«Ko‘rshapalaklar»ning parvozi so‘nmoqda

«Eybar» - Basklar o‘lkasidagi mitti jamoa. 7 ming tomoshabin uchun mo‘ljallangan mitti stadionga egalik qiladigan bu jamoa oxirgi turlarda yaxshi ishtirok etayotgandi, jamoa oxirgi 5 uchrashuvda 10 ochko olgandi. Mavsumni juda ko‘tarinki ruhda boshlagan va turnir jadvalida ikkinchi o‘rindan tushmay kelayotgan «Valensiya» esa avvaliga «Barselona» bilan durang o‘ynadi, keyin «Xetafe»ga mag‘lub bo‘ldi, o‘tgan turda esa shubhali penalti evaziga «Selta»ni mag‘lub etdi (2:1). «Eybar» maydoniga safar o‘yini esa «ko‘rshapalaklar» jamoasining qulashini davom ettirdi. Yomg‘ir ostida kechgan uchrashuvda «Valensiya» qatorasiga ikkinchi safar o‘yinida ham mag‘lub bo‘ldi va turnir jadvalida «Atletiko»ni ham oldinga o‘tkazib yuborib, uchinchi o‘rinda qoldi. Endi «Barselona» bilan oradagi farq 8 ochkoga yetgan.