23:47 / 19.12.2017
9232

Dubay politsiyasi sayyoh yo‘qotgan soatni uning Londondagi uyiga eltib berdi

Dubay politsiyasi britaniyalik ayol sayyoh yo‘qotgan soatni shaxsan uning qo‘liga topshirishga qaror qildi. 

Londonda yashovchi ayol uy eshigini ochganda uni syurpriz kutib turgan – ostonada Dubay politsiyasi zobiti ayolning BAAga sayyohati vaqtida yo‘qotgan Rolex soati bilan turardi. 

Dubay politsiyasining topilmalar byurosi direktori Rashid bin Safvanning aytishicha, ayol Dubayga sayohati vaqtida to‘xtagan mehmonxonaning xodimlari ayol yashagan xonada 27 ming dollarlik soatni topib olishgan. Ular qimmatbaho topilmani Dubay politsiyasiga topshirishgan. Zobit uyiga qaytib ketgan ayol bilan bog‘langan.

“U soati topilganidan xursand bo‘lgan va uni Dubayga keyingi borganida olishini aytgan. U kelmagandan keyin, biz soatni unga pochta orqali jo‘natishga qaror qildik. Biroq biz fikrimizni o‘zgartirdik, chunki soat yana yo‘qolishini istamasdik”, deb eslamoqda bin Safvan.

9 oy o‘tgach ham ayol Dubayga kelmagan. 

Yaqinda Dubay politsiyasi Londondagi anjumanga taklif qilingandi. Bin Safvan Londonga boruvchi delegatsiya tarkibiga kirgan politsiyachilarga ayolning soatini o‘zlari bilan olib, uni egasiga yetkazishni taklif qilgan.

Soatni ayolga yetkazishni Rashidiya politsiya bo‘limi direktori Said Hamad bin Sulaymon Al Malik o‘z zimmasiga olgan. Ayol o‘ziga tegishli soat qaytarilganidan behad xursand bo‘lgan.

Top