Jeenbekov xorijda ishlayotgan qirg‘izlarga murojaat bilan chiqdi
Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov Xalqaro migrantlar kuni munosabati bilan xorijda yashayotgan va ishlayotgan qirg‘izistonliklarga murojaat qildi. Bu haqda mamlakat prezidenti devonining axborot siyosati bo‘limi xabar berdi.
«Odam yaxshiroq sharoitni qidirib, butun dunyo bo‘ylab harakatlanadi, yangi imkoniyatlar, bilimlar, texnologiyalarni izlaydi. Bizning mamlakatda, ma'lumki, ko‘plab odamlar migratsiyaga bog‘langan. Ulardan ko‘pchiligi – yoshlar bo‘lib, o‘zi, oilasi hamda mamlakati uchun yangi hayot qurishga bo‘lgan sa'y-harakatlarini katta mehnatlari bilan ko‘rsatib berishmoqda», - deya ma'lum qildi Sooronbay Jeenbekov.
«Sizlarning mehnatingiz va sabringiz uchun samimiy minnatdorlik bildiraman. Ko‘plaringiz Qirg‘iziston taraqqiyoti uchun juda katta hissa qo‘shmoqdasiz, maktablar, sport majmualari, boshqa ijtimoiy va infratuzilma obektlarini qurishda yordam bermoqdasiz, ishlab chiqarishlarni ochmoqdasiz va ish o‘rinlarini yaratmoqdasiz, tibbiyot, ta'lim, san'at hamda boshqa sohalardagi tajribalaringiz bilan o‘rtoqlashmoqdasiz», - deyiladi murojaatda.
«Shunisi quvonarliki, so‘nggi yillarda xorijda ishlayotgan qirg‘izistonliklar orasida Qirg‘izistondagi turli loyihalarga investitsiya kiritishdan manfaatdor bo‘lganlar soni o‘sib bormoqda. Bu migratsiya va rivojlanish o‘rtasidagi aloqa, shuningdek ularning o‘zaro manfaatli taraqqiyot uchun taqdim etuvchi imkoniyatlaridan dalolat beradi», - deya ta'kidlab o‘tdi Qirg‘iziston rahbari.
Uning qayd etishicha, davlat bunday tashabbuslarni rag‘batlantirib boradi hamda Qirg‘iziston iqtisodiyotiga pul kiritishni istovchilar uchun barcha kerakli sharoitlarni yaratadi.
«Qirg‘iziston Respublikasi so‘nggi yillarda xorijda ishlovchi bizning mehnat migrantlarimizni qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘p narsa qildi. Biz Qirg‘izistonda ko‘proq ish o‘rinlari paydo bo‘lishi va hamyurtlarimiz o‘z vatanlarida yashab, ishlashlari uchun barcha narsani qilmoqdamiz hamda qilishda davom etamiz», - deya ishonch bildirgan u.
Shu bilan birga, uning ta'kidlashicha, xorijdagi fuqarolar bilan aloqalar mustahkamlanadi, mehnat migrantlariga huquqiy ko‘mak ko‘rsatish darajasi oshiriladi va xavfsiz migratsiyaga e'tibor kuchaytiriladi.
«Biz zamonaviy va mustaqil, kuchli iqtisodiyot hamda yuqori hayot darajasiga ega Qirg‘izistonni birga qurishimiz kerak», - deya xulosa qilgan Jeenbekov.
Mavzuga oid
17:30 / 14.11.2024
Qirg‘iziston Issiqko‘lni saqlab qolish uchun qo‘shnilarga kamroq suv berishi mumkin
22:01 / 12.11.2024
Qirg‘izistonda hokimiyatni egallashga tayyorgarlik ko‘rgan yetti kishi qo‘lga olindi
16:44 / 11.11.2024
Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi Qirg‘izistonda 38 ta maktab qurib beradi
17:21 / 06.11.2024