20:20 / 20.12.2017
71721

2018 yilgi davlat byudjyeti tasdiqlandi

​O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining XIII yalpi majlis yig‘ilishida O‘zbekistonning 2018 yilgi davlat byudjyeti tasdiqlandi. Unda yalpi ichki mahsulotning 0,02 foizi yoki 59 mlrd so‘m miqdoridagi profitsit bilan chiqish belgilangan. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar berdi. 

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorovning ta'kidlashicha, 2018 yilda O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti hajmi 290,6 trln so‘m, YaIM deflyatori - 14,1 foiz, iste'mol narxlari indeksi - 12-13 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Byudjyetning daromad qismi YaIMning 21,4 foizi yoki 62,229 trln so‘m, xarajatlar qismi esa YaIMning 21,4 foizi yoki 62,17 trln so‘m darajasida bo‘lishini ta'minlash rejalashtirilmoqda. Davlat byudjyetining asosiy xarajatlari yo‘nalishlari uning ijtimoiy yo‘naltirilganligini saqlashga qaratilgan. 2018 yilda ijtimoiy soha xarajatlari 34,7 trln so‘mni tashkil etadi.

"Davlat dasturlarini amalga oshirish uchun 8,5 trln so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi. Jumladan, maktabgacha ta'lim muassasalarini jihozlashga 815 mlrd so‘m yoki 2017 yildagidan 3 barobar ko‘p mablag‘ sarflanadi. 48 ta oliy ta'lim muassasasining moddiy-texnik bazasini rivojlantirishga 559,1 mlrd so‘m yoki 1,5 barobar ko‘proq ajratiladi. 296 ta tibbiyot muassasasini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash, shuningdek tibbiyot muassasalarini jihozlashga 803,6 mlrd so‘m yo‘naltiriladi. Uy joy-kommunal sohasiga oid ishlarni amalga oshirishga 230,3 mlrd so‘m sarflanadi. Transport-kommunikatsiya loyihalariga 469,2 mlrd so‘m, hududlardagi ijtimoiy infratuzilma obektlarini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga 568,6 mlrd so‘m ajratiladi", deydi u. 

2018 yilda YaIM o‘sish hajmi 2017 yil bilan solishtirilganda 5,9 foizga o‘sishi ko‘zda tutilgan. Jumladan sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish 6,4 foiz, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish 4 foiz, kapital qo‘yilmalar hajmining 6,5 foizga o‘sishi kutilmoqda.

O‘zbekistonning 2017 yilgi davlat byudjyeti YaIMning 1 foizi yoki 2,4 trln so‘m miqdoridagi defitsit bilan tasdiqlandi. YaIM o‘sish hajmi 5,5 foiz darajasida bo‘lishi kutilmoqda.

Mavzuga oid
Top