09:10 / 20.12.2017
22191

Qirg‘izistonda yangi mojaro: Bishkekda Babanovga tegishli telekanalni egallab olishga urinishdi (Video)

Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda deputat, ayni damda mamlakat tashqarisida bo‘lib turgan Omurbek Babanovga tegishli bo‘lgan NTS telekanalini egallab olishga urinishdi. Bu haqda 24.kg'ga tahririyat jurnalistlari xabar berishgan.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, kecha noma'lum shaxslar militsiya hamrohligida binoga bostirib kirib, o‘zlarini sud ijrochilari sifatida tanishtirishgan va bosh direktorni talab qilishgan. «Ular sud qaroriga ko‘ra, binoni ichidagi texnikalar bilan birga muhrlab qo‘yish hamda efirni to‘xtatish haqida topshiriq berilganini ma'lum qilishdi. Bizning yuristlar ular bilan muzokaralar olib bordi. Telekanal rahbari Jaynak Usen o‘g‘li safarda», - deya ta'kidlab o‘tgan jurnalistlar.

Bishkek IIBB ma'lumotlariga ko‘ra, telekanalga poytaxtning Tumanlararo sudi sud ijrochilari kelishgan.

NTS telekanali bugun efirga chiqishni to‘xtatishi mumkin. Bu haqda kompaniya rahbarlari maxsus matbuot anjumanida xabar berishdi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, Bishkek shahri Tumanlararo sudining sud ijrochilari NTS top-menejmentiga 20 dekabr kuni soat 11.00ga qadar muhlat berishgan.

Telekanal rahbariyati ro‘y bergan hodisani reyderlik urinishi deb baholadi va efir davom etishi uchun barcha narsani qilishga va'da berdi. NTS manfaatlarini himoya qilayotgan yuristlarning ta'kidlashicha, kanal texnikasi hamda mol-mulkini xatlovga olish to‘g‘risidagi qarorga shikoyat berishadi.

Qayd etilishicha, kecha kechqurun telekompaniya ofisiga sud ijrochilari militsiya va Grexton Capital Ltd. kompaniyasi vakili Yelena Demidovich hamrohligida kelishgan.

Ma'lum bo‘lishicha, yuqoridagi kompaniya ofshor zonasida ro‘yxatdan o‘tgan hamda ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra, hokimiyatdan chetlatilgan prezident Kurmanbek Bakiyevning o‘g‘li Maksimga tegishli kompaniyalar guruhiga kiradi. 

Yelena Demidovnaning so‘zlariga ko‘ra va Tumanlararo sudga muvofiq, NTS telekanali texnikasi ro‘yxatga olinishi, mol-mulki xatlov qilinishi, bino esa sud qarori chiqarilguniga qadar muhrlab qo‘yilishi lozim.

Grexton Capital Ltd. bir necha kompaniya, yuridik va jismoniy shaxslarni sudga bergan. «Ish bo‘yicha javobgar sifatida «Trastmedi» hamda «Ayan», uchinchi shaxslar bo‘lib esa – NTS va Alamudun tumani davlat registri bor», - deya aniqlik kiritdi telekanal direktori Jaynak Usen o‘g‘li.

Eslatib o‘tamiz, Omurbek Babanov «Respublika — Ata Jurt» parlament fraksiyasi rahbarligidan ketdi. Unga nisbatan Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining ikki moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi – konstitutsiyaviy tuzumni o‘zgartirishga chaqiriq va millatlararo nifoqni keltirib chiqarish. Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tergovni olib bormoqda.

Top