O‘rta Osiyo xalqlari qadimdan yer yuzining barcha qit'alarida joylashgan xalqlar bilan o‘zaro aloqalar o‘rnatib kelishgan. Ayniqsa, O‘rta Osiyo davlatlari Yevropaning ko‘plab mamlakatlari bilan turli sohalarda, xususan, savdo-sotiq, ilm-fan, qishloq xo‘jaligi, adabiyot va san'at yo‘nalishlarida o‘zaro hamkorlik qilib kelishganligi to‘g‘risida tarix guvohlik beradi. Buni hech kim inkor qila olmaydi. Amir Temur O‘rta Osiyoni markazlashgan davlatga aylantirganidan keyingi davrda esa qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlar yanada mustahkamlanadi. O‘sha paytda Movarounnahr saltanatining dovrug‘i yetti iqlimga taraladi.

XIX asr oxiri XX asr boshlarida Rossiya imperiyasi tomonidan O‘rta Osiyo mamlakatlari bosib olingach, ushbu mamlakatlar imperiyaning mustamlakasiga aylantiriladi.

Mustamlaka mamlakat sifatida boshqa davlatlar bilan amalga oshiriladigan siyosiy-ijtimoiy, madaniy-ma'rifiy, sport, adabiyot va san'at, umuman, barcha sohalardagi diplomatik aloqalar bevosita rus imperiyasi nomidan amalga oshirila boshlaydi. Bu esa O‘rta Osiyo xalqlarini rus mustabidi soyasida qolib ketishiga sabab bo‘ladi.

Mustaqillikka erishganimizdan so‘nggina dunyo xalqlari O‘rta Osiyoda O‘zbekiston degan mamlakat borligini bila boshlashdi. Hozirgi kunga kelib ta'kidlash joizki, O‘zbekiston jadal sur'atlarda taraqqiy etib borayotgan davlatlar qatorida. Biroq shu o‘rinda men bir narsani aytib o‘tishni joiz deb topdim: O‘zbekiston va Markaziy Osiyo haqida ma'lumotlar yevropaliklarda, xususan, olmoniyaliklarda juda oz. To‘g‘ri, Yevropa davlatlari bilan siyosiy diplomatik aloqalar o‘rnatilgan, lekin u yerda yashovchi insonlarning bizning mintaqamiz, O‘zbekiston to‘g‘risida yetarlicha ma'lumotga ega emasligiga men har yili tashkillashtirayotgan tadbirlarim davomida doim amin bo‘laman.

Men 2009 yildan buyon turizm sohasida faoliyat yuritib kelaman. Xorijda (Germaniya va Angliya) o‘qib yurgan kezlarimda «O‘zbekistonga qaytgach, albatta, turizm sohasida faoliyat olib borib, yurtimizga sayyohlarni jalb etishni, uning boy tarixi, shonli o‘tmishi, xalqimiz urf-odat va an'analari, adabiyot hamda san'ati, ko‘hna va boqiy shaharlarimizdagi qadimiy obida va minoralarining ulug‘vorligini targ‘ib qilaman», degan fikrlarni dilimga tugib qo‘ygan edim.

O‘ylagan niyatlarimga nihoyat erishdim. Gid-tarjimon sifatida ishlash bilan bir qatorda badiiy adabiyot tarjimasiga ham qo‘l urdim. O‘tgan yillar mobaynida atoqli o‘zbek va nemis adabiyoti namoyondalari Haynts Erhardning «Noch’n Gedicht» («Yana she'riyat») deb nomlangan kitobi, G‘afur G‘ulomning «Shum bola» («Der Schelm»), O‘tkir Hoshimovning «Dunyoning ishlari» («Kein Himmel auf Erden»), Abdulla Qahhorning «Anor» («Der Granatapfel») kabi asarlarini, shuningdek, «Buyuk ipak yo‘li rivoyatlari» kitoblarini o‘zbek tilidan nemis — nemis tilidan esa o‘zbek tiliga tarjima qildim.