AQSh hukumati Gulnora Karimovaga nisbatan sanksiya joriy qildi
2012 yili amerikalik iqtisodchi, sarmoyador Uillyam Brauder tashabbusi bilan qabul qilingan xalqaro «Magnitskiy qonuni» (Sergey Magnitskiy nomidan olingan) hujjati 2016 yilga qadar, asosan, Rossiyada kuzatilgan inson huquqlarini cheklash yoxud poymol etish kabi jinoyatlarga qarshi kurashishni nazarda tutgan. Biroq, so‘nggi ikki yil ichida hujjat tamoyiliga asosan 13 nafar taniqli kishi hamda 39ta tashkilot «inson huquqlarini poymol etish va Korrupsiya jinoyatini sodir etish»da ayblangan.
AQSh prezidenti Donald Tramp bugun, 21 dekabr kuni navbatdagi qarorni imzolab, AQSh Moliya vazirligi hukumat kiritgan sanksiya ro‘yxatida tilga olingan kishilarni e'lon qildi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Birinchi prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova ham mazkur ro‘yxatga kiritilgan. AQSh Moliya vazirligi saytida yozilishicha, «Gulnora Karimova biznes faoliyatini rivojlantirish uchun davlat mulkini talon-taroj qilishda, kuchli uyushgan jinoyatchilik guruhini boshqarish, bozor monopoliyasini yaratish, poraxo‘rlik va bosqinchilikda» ayblangan.
Eslatib o‘tamiz, Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2015 yil 21 avgustdagi (!) hukmi bilan G.Karimova ayblanayotgan jinoyatlar — jumladan, 2 trln. 91,4 mlrd. so‘mlik soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashni sodir etishda aybdor, deb topilgan va unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangandi.
Bundan tashqari, G.Karimovaga nisbatan uyushgan jinoiy guruhga yana ayrim jinoyatlarni sodir etishga ko‘maklashish holatlari bo‘yicha alohida ish yurituvga ajratilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda. Ya'ni, bu hali ushbu jinoyat ishi uchun alohida sud bo‘lishi va yana jazo qo‘llanilishi mumkinligini anglatadi.
Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, ushbu holatlar bo‘yicha G.Karimovaga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168, 178, 182, 189, 228 va 243 moddalari bilan ayblov e'lon qilingan va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Qayd etilgan 2 ta jinoyat ishi bo‘yicha davlat va fuqarolar manfaatlariga yetkazilgan zararning umumiy summasi 1 trln. 270 mlrd. 200 mln. so‘m, 1 mlrd. 651,8 mln. AQSh dollari, 26,1 mln. yevro — milliy valyutada jami 3 trln. 746,8 mln. so‘mni tashkil etadi.
Mavzuga oid
15:32 / 20.12.2024
Britaniya Gurjiston IIV rahbariyatiga qarshi sanksiyalar kiritdi
14:54 / 17.12.2024
Seul RF va KXDR o‘rtasidagi harbiy hamkorlik uchun sanksiyalar kiritdi
13:27 / 17.12.2024
YeI Minskka qarshi sanksiyalarni kengaytirdi
08:50 / 17.12.2024