Jahon | 14:11 / 21.12.2017
17218
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda Qozog‘iston fuqarosi IShID sabab 15 yilga qamaldi, ishda o‘zbekistonliklar ham bor

Foto: Fotolia

AQShda Qozog‘iston fuqarosi Ahror Saydaxmetov 15 yilga ozodlikdan mahrum etildi. U IShID terrorchilik guruhini qo‘llab-quvvatlash maqsadida til biriktirishda aybdor deb topildi. Bu haqda Nyu-York shtatining Sharqiy okrugi prokuraturasi xabar berdi, deb yozmoqda TASS.

"Avvalroq Bruklin federal sudi binosida okrug sudyasi Uilyam Kunts Qozog‘iston fuqarosi Ahror Saydaxmetovni 15 yilga ozodlikdan mahrum etish haqida qaror chiqardi. U IShID taqiqlangan xorijiy terrorchilik tashkilotini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida til biriktirishda aybdor deb topildi", - deya xabar bergan prokuratura.

Aniqlik kiritilishicha, "Qozog‘iston fuqarosi jazo muddatini o‘tab bo‘lganidan so‘ng AQShdan chiqarib yuboriladi".

Prokuraturaning iddao etishicha, 22 yoshli qozog‘istonlik erkak Nyu-York hududida istiqomat qilgan boshqa shaxslar bilan til biriktirgan, ularga ham shunga o‘xshash ayblovlar qo‘yilgan. Gap O‘zbekistonning to‘rt fuqarosi haqida ketmoqda.

Saydaxmetov Jon Kennedi nomidagi Nyu-York xalqaro aeroportida 2015 yilning fevralida qo‘lga olindi. AQSh hukumatining ma'lum qilishicha, u Turkiyaga parvoz qilishi lozim bo‘lgan samolyotga chiqishga uringan, keyin esa, taxminlarga ko‘ra, Suriyaga borishni rejalashtirgan. Prokuratura ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosi Abdurasul Jo‘raboyev ham qozog‘istonlik bilan birga samolyot chiptasini xarid qilgan. AQSh hukumati har ikki erkakni IShID tarafdori deb hisoblamoqda, ular AQSh hududida hujum amalga oshirishga tayyor bo‘lishgani aytiladi.

Jo‘raboyev o‘z aybini 2016 yilning avgustida tan oldi. U ham 15 yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Mavzuga oid