00:46 / 21.12.2017
5900

Yevropa sudi Uber'ni transport kompaniyasi deb tan oldi

Foto: Uber

Amerikaning Uber Technologies Inc. kompaniyasi (AQShning eng yirik kompaniyalari reytingida 52-o‘rinda) Yevropa sudida jiddiy mag‘lubiyatga yo‘liqdi. Gap shundaki, 2014 yilda barselonalik taksichilar Uber'ni transport xizmatlarini ko‘rsatishda litsenziyasiz ishlashda ayblab, uni sudga berishgandi. Yevropa sudi (European Court of Justice) ispaniyalik taksichilarning arizasini ko‘rib chiqib, Uber'ni texnologik servis emas, transport kompaniyasi deb tan oldi. Bu haqida Bloomberg agentligi ma'lum qildi. 

Lyuksemburgdagi Yevropa sudi Uber Technologies Inc'ning  Yevropada ilova emas, taksi kompaniyasi sifatida ro‘yxatdan o‘tishi kerak degan qarorga keldi. "Uber tomonidan taqdim etilayotgan odamlarning noprofessional haydovchilar bilan aloqa qilishiga yo‘naltirilgan servis transport sohasidagi xizmatlarga kiradi. YeI mamlakatlari ushbu xizmatlar faoliyatini tartibga solish huquqiga ega", - deya ta'kidlanadi sud saytiga joylashtirilgan qarorda. 

Yevropa sudining mazkur qarori qayta ko‘rib chiqilmaydi. U YeIning 28 mamlakatida qo‘llanadi va Uber biznesini qiyinlashtirish, soliqlarni oshirish va haydovchilarga bo‘lgan talablarni o‘zgartirishga olib keladi.

Uber sudda o‘zini raqamli biznes yuritishi, yo‘lovchilarning mustaqil haydovchilar bilan aloqasini ta'minlovchi texnologik platforma ekanini isbotlashga uringan.

Mavzuga oid
Top