Jahon | 11:11 / 21.12.2017
47797
4 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti 10 yillik qamoq jazosiga mahkum qilindi – OAV

Foto: kabarlar.org

Bishkekning Oktabr tuman sudi Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Kurmanbek Bakiyev va uning ukasi Janibek Bakiyevni 262 gektar qishloq xo‘jaligi yerlarini kottej posyolkalari qurish uchun maydonlarga noqonuniy aylantirgani uchun sirtdan 10 yillik qamoq jazosiga mahkum qildi. Hukmni sudya Damirbek Nazarov e'lon qilgan.

2015 yilda Qirg‘iziston prokuraturasi 2008 yilda 3 ta qishloq okrugidagi yer maydonlarini “qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yerlar” toifasidan “aholi punktlari uchun mo‘ljallangan yerlar” toifasiga noqonuniy o‘tkazilgani bo‘yicha bir qator yuqori lavozimdagi amaldorlarga nisbatan “korrupsiya” moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan.

Ushbu jinoyatning tashkilotchisi mamlakat parlamentining sobiq deputati Karganbek Samakov deb atalgandi. Sobiq prezident va uning ukasi Samakovga sherikchilik qilishda ayblanishgan. Sobiq bosh vazir, hozirda parlament deputati Igor Chudinov, sobiq bosh vazir birinchi o‘rinbosari Iskender Aydaraliyev, sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Arstanbek Nogoyev yerlarning boshqa toifaga o‘tkazilishi bo‘yicha hukumat qarorini chiqarishda o‘z xizmat mavqelarini suiiste'mol qilishda ayblanganlar.

Hukmga ko‘ra, Kurmanbek va Janish Bakiyevlar 10 yilga ozodlikdan mahrum etildilar. Bakiyevlar ularga nisbatan avval chiqarilgan hukmlar bo‘yicha umumiy hisobda umrbod qamoq jazosi olishgan.

Samakov esa mol-mulki musodara etilishi bilan 10 yillik qamoq jazosiga tortildi. Biroq 2010 va 2011 yillardagi amnistitsiyalar hisobga olingan holda uning jazo muddati 3 martaga qisqartiriladi. Chudinov va Aydaraliyev 5 mln som (72 ming dollar) miqdorida jarimaga tortildilar.

Ayblanuvchilar o‘z ayblarini tan olmaganlar. Samakov ushbu ish uyushtirilgani va guvohlar va ayblanuvchilarga tergov tomondan jinoiy ta'qibni to‘xtatish uchun pul undirish maqsadida bosim o‘tkazilganini aytgan. Shuningdek, bosh prokuraturaning tergov qo‘mitasining sobiq boshlig‘i Kilichbek Arpachiyev ushbu ish tergovi vaqtida 100 ming dollar pora olish vaqtida ushlangan.

2010 yil Qirg‘izistonda davlat to‘ntaruvi yuz berib, Kurmanbek Bakiyev tuzumi to‘ntarilgan. Keyinroq Bishkek garnizoni sudi Kurmanbek Bakiyevni va mamlakat davlat qo‘riqlash xizmatiga rahbarlik qilgan Janish Bakiyevni 2010 yil aprelda Bishkekning markaziy maydonidagi namoyishchilarning ommaviy o‘ldirilishini tashkillashtirish aybi bilan umrbod qamoq jazosiga mahum qilgan. Tartibsizliklar vaqtida 77 kishi halok bo‘lgan va 300 dan ko‘proq kishi jarohat olgan. Keyinroq aka-ukaga prezident ma'muriyatining sobiq boshlig‘i Medet Sadirkulov va boshqalarning o‘ldirilishi yuzasidan yana bir nechta hukm chiqarilgan.

Ayni vaqtda Kurmanbek Bakiyev oilasi bilan Minskda yashamoqda. Bakiyev u yerda siyosiy boshpana, keyinroq esa Belarus fuqaroligini olgan.

Bakiyev Qirg‘izistonni 2005 yildan 2010 yilgacha boshqargan. 2010 yil apreldagi davlat to‘ntaruvi vaqtida muxolifat tomondan o‘z lavozimidan ag‘darilgach, mamlakatni tark etgan. 

Mavzuga oid