08:52 / 22.12.2017
19049

AQSh maxsus xizmatlari rahbarlari o‘ta maxfiy dastur haqida bayonot berishdi 

Foto: Reuters

Amerikadagi muhim maxsus xizmatlar rahbarlari va AQSh adliya vaziri Jyeff Seshns payshanba kuni Kongressni boshqa davlatlar aholisi kommunikatsiyalarini eshitish va kuzatib borish bo‘yicha dastur muddatini uzaytirishga chaqirdi. Tegishli murojaatga Milliy razvedka direktori Deniyel Kouts, Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Maykl Pompeo, Federal tergov byurosi direktori Kristofer Rey va Milliy xavfsizlik agentligi direktori, admiral Maykl Rojyers imzo chekkan.

Gap 1978 yilda qabul qilingan 702-seksiya haqida ketmoqda. U Xorijiy razvedkani kuzatish to‘g‘risidagi qonundir. 2008 yilda qabul qilingan tuzatish esa boshqa mamlakatlar aholisining turli elektron kommunikatsiyalarini tinglash va kuzatib borish huquqini beradi. Bunday dasturlar borligi haqida Milliy xavfsizlik agentligi tahlilchisi Edvard Snouden tomonidan 2013 yilda taqdim etilgan ma'lumotlardan ma'lum bo‘ldi.

"702-seksiya muddatining uzaytirilishi mamlakat xavfsizligi uchun juda muhim. Agarda Kongress bu borada hech qanday harakatni amalga oshirmasa, xalqaro terrorchilar va xorijdagi boshqa raqiblar haqida o‘ta muhim ma'lumotni to‘plash to‘xtatiladi", - deyiladi murojaatda. Tegishli bayonot milliy razvedka direktori apparati saytida e'lon qilindi. Kuch mahkamalari rahbarlarining iddao etishicha, dastur to‘xtatiladigan bo‘lsa, terrorchilar, hakerlar va boshqa jinoyatchilar AQShga hujumlarni rejalashtirishi, bunda esa ularni hech kim fosh eta olmasligi mumkin.

"702-seksiya mamlakatga hujumlarning oldini olish va terrorchilarni yo‘q qilishda juda muhim rol o‘ynaydi", - deya ta'kidlanadi matnda. Shu bilan birga, uning mualliflarining ishontirishicha, ma'lumotlarni to‘plash “shaxsiy hayot va fuqarolik erkinliklariga bo‘lgan huquqqa” to‘la rioya etilgan holda olib boriladi. Hozircha dastur 2018 yilning apreliga qadar amalga oshirilishi mumkin, biroq agarda bu muddatga qadar uzaytirilmasa, razvedka hamjamiyati uni asta-sekin yopishiga to‘g‘ri keladi.

Mavzuga oid
Top