Buxoro IIBda turizm yo‘nalishida xavfsizlikni ta'minlash boshqarmasi tashkil etildi
Buxoroi Sharif — sayyohlik shahri. Bu ko‘hna shaharning betakror tarixiy obidalarini ko‘rish, aziz avliyolar, buyuk ajdodlarimiz mangu qo‘nim topgan muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish uchun sayohatchilarning qadami uzilmaydi. Bu, o‘z navbatida, huquq-tartibot, ayniqsa, ichki ishlar idoralari xodimlari zimmasiga ham katta mas'uliyat yuklaydi. Chunki tashrif buyurayotgan turli delegatsiya a'zolari va chet ellik mehmonlar xavfsizligini ta'minlash, ularga nisbatan turli xil ko‘ngilsiz hodisalar, huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik asosiy vazifalardan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz shaharlarida xavfsiz turizmni ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori hamda IIVning buyrug‘i talablarini bajarish yuzasidan Buxoro viloyat hududida Xavfsiz turizmni ta'minlash maqsadida IIB tarkibiga kiruvchi 43 ta shtatdan iborat turizm yo‘nalishida xavfsizlikni ta'minlash boshqarmasi tashkil etildi, deb xabar beradi KUN.UZ’ga viloyat IIB matbuot xizmati.
Soha mutaxassislarining fikricha, ushbu tizimning joriy etilishi kelgusida sayyohlar xavfsizligini ta'minlash va ularning viloyatda sayyohat qilishlari chog‘ida qo‘shimcha shart-sharoitlarning yaratilishiga imkon yaratadi. Bundan tashqari, mazkur hujjatda chet el fuqarolari uchun xavfsiz muhitni yaratish vazifalari ham aniq qilib belgilangan. Bugungi kunda ana shu qaror ijrosini ta'minlashga qaratilgan konsepsiya ustida ham soha mutaxassislari ish olib bormoqda.
Ta'kidlash joizki, viloyat IIB boshlig‘ining buyrug‘iga binoan, o‘tkazilgan tanlovda, birinchi navbatda, xorijiy tillarni biladigan, yuqori malakali mutaxassislar, bundan tashqari, kasbiy tayyorgarlikka, yuksak ahloqiy va ma'naviy sifatlarga, xizmat vazifalarini bajarish bo‘yicha zaruriy tajribaga ega bo‘lgan xodimlar tanlab olindi.
— Shu boisdan ham, xorijliklar uchun bugungi zamon talablariga javob beradigan barcha qulayliklarni joriy etish hamda kelajakda ularning tashrifini yanada oshirish maqsadida xalqaro miqyosda targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirishimiz lozim bo‘ladi, — deydi biz bilan muloqotda bo‘lgan boshqarma rahbari Erkin Safarov.
Ma'lumotlarga ko‘ra, birgina Buxoro shahrida 2018 yilning oxiriga qadar, 10 ta zamonaviy mehmonxonani barpo etish, ulardagi o‘rinlar sonini 1210 taga yetkazish choralari ko‘rilmoqda.
Hozirda «Qalqon» yagona videokuzatuv markazi Buxoro shahri hududi bo‘ylab o‘rnatilgan 60 ta kamera orqali kuzatib kelayotgan bo‘lsa, kelgusida Buxoroga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlarning xavfsizligini ta'minlash hamda «Xavfsiz turizm» dasturiy kompleks tizimini joriy qilish maqsadida ana shunday kameralar sonini yana 425 taga ko‘paytirish borasida chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.
Joylarda 275 ta videokuzatuv moslamasi, 68 ta shaxs va avtotransport vositalarining davlat raqam belgilarini yaqqol ko‘rsatuvchi videokamera, 4 ta haroratni aniqlovchi (teplovizor), 55 ta aloqa tashvish tugmasi, shuningdek, 27 ta chorrahada 85 ta yo‘l harakati qoidalarini buzish holatlarini va avtomobil yo‘llarining, 6 ta joylarida tezlikni aniqlaydigan videokameralar o‘rnatilishi belgilandi. Bu esa, o‘z o‘rnida, sayyohlar gavjum bo‘ladigan joylarda nazoratni kuchaytirish imkonini beradi va ularning xavfsizligini ta'minlaydi.
Bu esa, sodir etilishi mumkin bo‘lgan turli huquqbuzarliklar, jinoyatlarning barvaqt oldini olishda katta ahamiyat kasb etadi. Bir so‘z bilan aytadigan bo‘lsak, chet ellik mehmonlarning sayohatdan mamnun holda, yaxshi taassurotlar bilan qaytishiga nima yetsin? Ko‘rib turganingizdek, Buxoroda mavjud bo‘lgan barcha yodgorliklar va ularni ko‘rish uchun kelayotgan sayyohlar alohida nazoratga olingan.
Mavzuga oid
12:01 / 09.11.2024
Buxoroda 16 yoshli bola o‘nlab shaxslar nomiga kredit olib, onlayn qimorga tikib yubordi. U qamoqqa olingan
11:34 / 06.11.2024
Buxoroda 1 mlrd so‘mdan ziyod elektrdan noqonuniy foydalangan tadbirkor aniqlandi
15:04 / 03.11.2024
Buxoroda xotiniga og‘ir tan jarohati yetkazgan shaxs qamoqdan ozod qilinib, shartli jazo tayinlandi
21:26 / 29.10.2024