O‘zbekiston | 11:50 / 22.12.2017
42872
3 daqiqa o‘qiladi

«Hech kimga kerak bo‘lmagan uylar qurish kerak emas» - Prezident

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi a'zolariga 2017 yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va O‘zbekiston Respublikasini 2018 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Murojaatnomasini taqdim etdi. 

Prezident o‘z nutqida uy-joy qurish sohasi haqida gapirdi.

«Aholimizni, ayniqsa, byudjyet sohasi xodimlarini, kam ta'minlangan oilalarni uy-joy muammosi ko‘pdan buyon qiynab kelardi. 

Qurilgan uylar nomiga qurilgan uy-joylar emas. Toshkentdagi boyvachchalar uchun, hech kimga kerak bo‘lmagan uylar bo‘lishi kerak emas. Oddiy odamlarga mo‘ljallangan uylar qurishimiz lozim. 9 qavatli uyni qurish uchun industriya yo‘q, qurilish tashkiloti, muhandis yo‘q. Yo‘q bo‘lib ketgan hammasi. Mana, qayerga kelib qoldik. Hammasi barbod bo‘lgan, lekin yangisi yaratilmagan.

110ta katta kran olib keldik, yana 200tasi yetishmayapti. Ularni o‘zimizda qurmoqchimiz.

Oldin ham 6 sotixlik uylar qurganmiz, lekin u o‘zini oqlamadi. Qishloqda ish, oylik yetmay, kim oladi ularni? Bu odamlarning g‘ashiga tegdi, 35-50 foizi bo‘sh turdi, kattakonlarning nevaralari, o‘g‘illar oldi.

Shuning uchun biz oddiy aholi sotib olsin degan niyatda arzonlashtirilgan uylarni qurishga qaror qildik. Shifokorni ham, muallimni ham farzandlari bor, axir», dedi prezident.

Prezidentning qo‘shimcha qilishicha, bir yilda 8 mingga yaqin oila yangi xonadonlarga ko‘chib o‘tdi.

«Bu og‘ir ijtimoiy muammoga biz deyarli e'tibor bermay kelganimiz ham bor gap. Xalqimizning talab va istaklarini inobatga olib, biz joriy yilda imtiyozli ipoteka kreditlari asosida arzon uy-joylar qurish loyihasini amalga oshirishga kirishdik. 

Jumladan, qishloq joylarda namunaviy yangi loyihalar asosida 24 mingdan ziyod uy-joy barpo etildi. Shaharlarda 187ta ko‘p qavatli uy qurildi va bugungi kungacha salkam 8 mingga yaqin oila ana shunday yangi xonadonlarga ko‘chib o‘tdi», dedi prezident.

Mavzuga oid