19:02 / 22.12.2017
34049

Fermerning davlat oldidagi qarzdorligi nega ko‘payganiga haqiqiy baho berildi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklarining davlat oldidagi qarzdorligi oshib bormoqda. Buning sababi va shu holatga ta'sir etuvchi omillar juda ko‘p bo‘lib, Bosh vazir o‘rinbosari, Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Zoyir Mirzayev shular haqida fikr bildirib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar berdi.

«​2016 yilgacha bo‘lgan davrda fermer xo‘jaliklarining mahsulotlarni yetishtirish bilan bog‘liq xarajatlarini moliyalashtirish maxsus jamg‘arma orqali amalga oshirilgan. Ushbu jamg‘armaning balansi aprel-may oylarida tasdiqlanishi nazarda tutilgan. Vaholanki, 2018 yilda kutilayotgan paxta yetishtirish jarayonidagi xarajatlar 2017 yil dekabrdan boshlanadi. Masalan, yerni shudgorlash va unga ishlov berishdan boshlab, may oyiga qadar fermer umumiy ishning 35 foizini tugatadi yoxud xarajat qiladi. Fermer besh oy davomida jamg‘armadan (davlatdan) pul olmasdan ishlashga majbur.

Yana bir masalaga e'tibor qaratsak, biz paxtani tolasini eksportga chiqarib, paydo bo‘lgan tushumdan fermerning ulushini to‘laymiz. Agar fermer noyabr oyida paxta hosilidan oxirgi majburiyatini tugatsa, oradan sakkiz oy o‘tib mehnati uchun haq oladi. Mana shu o‘rtadagi bo‘shliq - fermer xo‘jaligining ishida kamchiliklar paydo bo‘lishiga sababchi bo‘ladi»​, deydi Bosh vazir o‘rinbosari Zoyir Mirzayev.

O‘tgan davr ichida fermerning yer solig‘idan paydo bo‘lgan majburiyati, bank taqdim etgan kreditlarini so‘ndirish yoki ularning foiz stavkasi o‘zgarmay qolgan. Ya'ni, fermer bank va soliq oldidagi qarzdorligini yopishi shart. Mirzayevning aytishicha, hech kim jamg‘armaning fermer oldidagi qarzdorligi evaziga uning to‘lov majburiyatlarini vaqtincha to‘xtatishni o‘ylamagan.

«Bu yilgi jamg‘armani tasdiqlashda bir farqli holat paydo bo‘ldi: balansni defitsit bilan tasdiqlamadik. Bundan avval, «​1 trillion so‘m yo‘q bo‘lsa ham, qayerdandir kelib qolar» tamoyilida ish tutilmadi. Natijada agrotexnikadan foydalanishda uzilish bo‘lmadi, fermer xo‘jaliklari ilk marta 378 milliard so‘m foyda bilan ishni yakunladi. Ularning orasida zarar qilgan fermerlar ham topiladi, ammo o‘tgan yilgi hisobotlar bilan solishtirganda - bu yaxshi natija»​, deb ta'kidlagan u.

Mavzuga oid
Top