Jahon | 08:41 / 22.12.2017
8024
2 daqiqa o‘qiladi

Kataloniya parlamentiga saylovlarda mustaqillik tarafdorlari g‘alaba qildilar 

Foto: Albert Gea / REUTERS

Kataloniya mustaqilligini qo‘llab-quvvatlovchi partiyalar muxtoriyat parlamentiga muddatdan avval saylovlarda g‘alaba qildilar. Bu haqda El Periódico de Catalunya nashri xabar berdi.  

Yetakchi o‘rinni “Fuqarolar” partiyasi 37 ta mandat bilan egalladi, biroq mustaqillik tarafdorlari parlamentda mutlaq ko‘pchilik o‘rin olishdi – “Kataloniya uchun birga”, “Kataloniyaning so‘l respublikachilari” va “Milliy birdamlik nomzodi” partiyalari 135 ta o‘rindan 70 o‘rin olishadi. Parlamentda ko‘pchilikni tashkil qilish uchun 68 o‘ringa ega bo‘lish lozim. 

Saylovlarda ishtirok 81,95 foizni tashkil qildi va bu rekord natija bo‘ldi.

Kataloniya hukumatining sobiq rahbari Karles Puchdemon saylov natijalariga izoh berib, “muxtoriyat aholisi tarix yaratganlari – katalon respublikasi monarxiya ustidan g‘alaba qilganini” aytdi. Puchdemon, o‘z hamfikrlarini g‘alaba bilan tabriklar ekan, parlament saylovlarini Ispaniya bosh vaziri Mariano Raxoyga “tarsaki” deb atadi.

“Ispaniya davlati mag‘lubiyatga uchradi”, deb aytgan Puchdemon jurnalistlarga.

“Yevropa bir narsani tushunishi kerak, Raxoy taklif qilgan yechim ishlamaydi. Raxoyni qo‘llab-quvvatlovchilar sukutlari bilan bo‘lsa-da, buni sezishlari kerak. Kataloniya o‘z kelajagini o‘zi belgilashi lozim”, deb aytdi Puchdemon.

Puchdemon hozirda Belgiyada qolmoqda. Ispaniyada unga isyon ko‘tarish, hukumatga bo‘ysunmaslik va davlat mablag‘larini xarjlab yuborish ayblovlari bo‘yicha hibsga olinish va 30 yilgacha qamoq jazosi xavf solmoqda.

Mavzuga oid