13:11 / 23.12.2017
48525

Mirziyoyev: «Hokimning obro‘si davlatning obro‘si, bitta pogon kiyganning emas!»

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi Simpoziumlar saroyida o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasiga murojaat qildi. Davlat rahbari byudjyet masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi.

“Nega men kecha kechqurun to‘xtatinglar, dedim? Nimaga? Byudjyet deputatlar tasdiqlasa, amalga oshadi. Byudjyet kimniki? Xalqniki. Kim? Deputatlar. Moliya kim? U o‘tirgan statist, u yerda 20 yildan beri o‘tiribdi bir vatanparvarsiz odamlar, oldingi bir narsadan qolgan narsalar. Yangi qo‘ygan odamlarni hali kuchi yetmaydi – mahkam hammasini olib tashlab, millat uchun kurashishga kuchi yetmaydi. Kuchi yetmasa o‘zi ketadi. Shuning uchun kecha sizlar tasdiqlagan qarorga qo‘l qo‘ymayman. Noto‘g‘ri u, men o‘zim o‘tirib, ko‘rib chiqaman. Qo‘l qo‘ymayman, qayerga borsa boraversin.

Nima uchun men buni kuyunib aytmoqdaman? Bu aytilgan gaplarning hammasi yuragimdagi gaplar. Sizlar uyg‘onmasalaringiz biz qila olmaymiz bu ishlarni! Sizlar talab qilmasangiz, odamlar bizga ishonmaydi endi! Mana shuni hamma bilishi kerak. Agar bilmasalaring, bekorga o‘tirgan bo‘lasizlar. Salgina dunyoqarashni o‘zgartirib, halol, pok bo‘lib ishlanglar. Hamma sharoitni yaratamiz, nopoklikka aralashmanglar.

Endi har bir hudud rahbari berilgan imkoniyatlardan foydalanib, mas'uliyatni to‘la o‘z zimmasiga olishi, o‘z aravasini o‘zi tortishi kerak. Mana, bitta misol – o‘tgan 2016 yil yakuni bo‘yicha Qoraqalpog‘istonda mahalliy byudjyetga bir so‘m ham pul qolmagan. Bir so‘mni ham bermagan Ostrogorskiy, degan bir jamoa bor. Faqat mendan qo‘rqardi ular, hozir hammasini haydab yubordim, yana ikki-uchtasi qolgan u yerda. Mana, bu yil – Qoraqalpog‘iston byudjyetning hamma tushumlarini bajardi, 90 mlrd pul o‘ziga qolayapti. Bitta hududda. Nega? Oldin ishlagan ham bir edi, ishlamagan ham bir edi. Nega desangiz, tumanning hokimi o‘zining moliya, iqtisodchisi bilan u pul tushgan bilan unga tushmaydi-ku, Ostrogorskiyga tushadi. Suv yo‘q, gaz yo‘q, kasalxona yo‘q, bolalar bog‘chasi yo‘q, issiqlik yo‘q. Ostrogorskiy biladimi Qoraqalpog‘istondagi sharoitni? Ostrogorskiyga o‘xshaganlar yashaganmi Qoraqalpog‘istonda? Bu yil byudjyetga 90 mlrd pul qoladi. Kecha men nega bordim? Qancha ishlar qilmoqdamiz, eng kamida 300 mlrd pul mahalliy byudjyetga qoladi. Har bir viloyat agar shunga harakat qilsa – ana odamlarning dardi, odamlarning manfaati, ana hokimning obro‘si. Hokimning obro‘si kimning obro‘si? Davlatning obro‘si, bitta pogon kiyganning emas”, - dedi prezident. 

Top