O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 20 dekabr kuni «Xalqaro va xorijiy moliya institutlari bilan hamkorlikning samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, mamlakatni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha xalqaro va xorijiy moliya institutlari bilan hamkorlik izchil rivojlanmoqda.

Shu bilan birga, mazkur sohada ayrim davlat boshqaruvi organlari vakolatlarining aniq belgilab qo‘yilmaganligi va funksiyalarining takrorlanishi moliya institutlari bilan hamkorlikni yanada faollashtirishga to‘sqinlik qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xalqaro moliya institutlari, tashkilotlari va donor mamlakatlar bilan hamkorlik qilish, yirik va strategik muhim investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari bo‘yicha idoralararo kengash tomonidan qarz, kredit va grant mablag‘larini jalb qilish va ulardan foydalanish borasidagi ishlarning tashkil etilishi vakolatli davlat organlarining mas'uliyati va tashabbuskorligini pasaytiradi, ortiqcha byurokratik tartib-taomillar va xarajatlarga olib keladi.

Qarz, kredit va grant mablag‘larini jalb etish, yetakchi moliya institutlari bilan hamkorlik qilish uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish borasidagi faoliyatni muvofiqlashtirishning samarali va zamonaviy talablarga javob beradigan tizimini yaratish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasidan quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasining Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi — moliya institutlari bilan markazlashtirilgan hamkorlik bo‘yicha vakolatli organ (boshqaruvchi idorasi);

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.R. Xolmurodov — Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki, Jahon banki guruhi, Islom taraqqiyot banki guruhi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda boshqa moliya institutlari bilan markazlashtirilgan hamkorlik bo‘yicha boshqaruvchi;

O‘zbekiston Respublikasining Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi — Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki, Jahon banki guruhi, Islom taraqqiyot banki guruhi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda boshqa moliya institutlari bilan markazlashtirilgan hamkorlik bo‘yicha boshqaruvchi o‘rinbosari;