Sport | 10:10 / 24.12.2017
31426
3 daqiqa o‘qiladi

Statistika. Ronaldu Messidan yaqqol ortda qoldi

«Barselona» hujumchisi Lionel Messi Ispaniya chempionatining 17-turi doirasida «Real»ga qarshi kechgan va 3:0 hisobida yakunlangan o‘yin vaqtida 8ta aniq o‘tkir (kesik) pas bergan. Taqqoslash uchun, «Real» futbolchilari jam bo‘lib shuncha miqdordagi o‘tkir pas berishgan. Joriy mavsumda Messi har o‘yinda o‘rtacha 5,5 marta kesik paslar bermoqda va bu nafaqat Ispaniyada, balki barcha chempionatlardagi eng yaxshi natija hisoblanadi.

Kataloniyaliklar jamoasi to‘p uchun kurashda ham raqibdan samaraliroq harakat qilishgan. O‘yinda jami 111 marta yakkakurash kuzatilgan va shundan 63tasida katalonlar jamoasi yutib chiqqan (57 foiz).

Bu o‘yin «Real» uchun yakkakurashlarni yutib chiqish borasida joriy mavsumdagi eng yomon o‘yin bo‘ldi (43 foiz).

Qayd etish kerakki, Zinedin Zidan shogirdlari bu o‘yindan keyin ham Ispaniyada yakkakurashlarni yengib chiqish borasida eng yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘lib qolmoqda (o‘rtcha 55,2 foiz). «Barselona» bu borada ikkinchi ko‘rsatkichga ega – 53,4.

«Barselona» himoyachisi Serxi Roberto bu o‘yinda raqibni aylanib aldab o‘tish borasida eng yaxshi ko‘rsatkichni qayd etdi – u 7 marta raqibni dog‘da qoldirdi. Ikkinchi – Lionel Messi (6), undan keyin Ivan Rakitich (5). «Real» futbolchilari orasida eng ko‘p marta raqibni aldab o‘tgan futbolchi Luka Modrich bo‘ldi (4). Krishtianu Ronaldu faqat bir marta driblingni muvaffaqiyatli qo‘llay oldi. 

Roberto yakkakurashlarda yutib chiqish borasida ham yaqqol ustunlik ko‘rsatdi (12tadan 10ta – 83 foiz). Modrich ham 10 marta yakkakurashda ustun kelgan, ammo u 16 marta to‘p uchun kurashga kirishgan. Joriy mavsumda Ispaniya chempionatida yakkakurashlarda yutib chiqish borasida Serxi Robertoning natijasi har o‘yinda o‘rtacha 8,2 marta, Modrichning ko‘rsatkichi – 7,3.

Mavzuga oid