Mazkur sharhda xodimni asoslar qanday bo‘lishidan qat'i nazar ish beruvchi tashabbusi bilan ishdan bo‘shatishning bosqichma-bosqich taomili haqida batafsil ma'lumot beriladi, shuningdek ko‘p sodir etiladigan xatolarni muhokama qilinadi, deb yozmoqda Norma.uz.

Ishdan bo‘shatish asoslari

Faqat birgina ish beruvchining istak-xohishi bilan ishdan bo‘shatish mumkin emas. Bunda faqat qonunchilik bilan mustahkamlangan asoslar bo‘lishi zarur. Ish beruvchi o‘z tashabbusiga ko‘ra xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishi mumkin bo‘lgan sabablar Mehnat kodeksining (MK) 100-moddasi 2-qismida bayon etilgan. Mazkur ro‘yxat tugal bo‘lib, uning doirasidan chiqishga mulkchilik shaklidan qat'i nazar hech bir tashkilotga qat'iyan yo‘l qo‘yilmaydi. 
 
Ko‘pincha ish beruvchilar bunga yo‘l qo‘yish mumkin bo‘lmaganda ishdan bo‘shatish holatlarini MKning 100-moddasi normalari bilan asoslab, ularni noto‘g‘ri qo‘llaydilar.
 
Misol uchun. Ish beruvchi 54 yoshga to‘lgan xodima bilan mehnat shartnomasini MKning 100-moddasi 7-qismiga binoan (xodimning pensiya yoshiga to‘lganligi, qonun hujjatlariga muvofiq yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi mavjud bo‘lganda) bekor qildi. U «Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida»gi Qonunning 54 yoshga to‘lgan ayollarning zarur mehnat stajiga ega bo‘lgan taqdirda pensiya olish huquqini olishi to‘g‘risidagi normasiga havola keltirgan.

Mazkur holatda ish beruvchining harakatlari g‘ayriqonuniy, chunki aynan xodimaga o‘z xohishiga ko‘ra muddatidan oldin pensiyaga chiqish, ish beruvchiga esa u bilan mehnat shartnomasini bekor qilish huquqi beriladi. Ish beruvchi uchun xodimaning MKning 289-moddasida ko‘rsatilgan — 55 yoshga to‘lishi uni ishdan bo‘shatish uchun asos bo‘ladi.

Xodimni ishdan bo‘shatilishi haqida ogohlantirish

Bu ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish bosqichlaridan biridir, bunda talay xatolarga yo‘l qo‘yiladi. Keyinchalik ushbu xatolar bois ish beruvchilar noqonuniy ravishda ishdan bo‘shatilgan xodimlarni ishga tiklashlariga to‘g‘ri keladi. Ulardan eng keng tarqalganlarini ko‘rib chiqamiz.

Aksariyat holatlarda ogohlantirish shakli yozma bo‘lishidan (xodimni MKning 100-moddasi 2-qismi 3 va 4-bandlari bo‘yicha ishdan bo‘shatganda xodimni og‘zaki ogohlantirishga yo‘l qo‘yiladi) boshlaymiz. Xodimni u bilan mehnat shartnomasi bekor qilinishi haqidagi ogohlantirishga mehnat munosabatlarini bekor qilish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxs imzo qo‘yishi shart. Aksariyat holatlarda sodir bo‘lganidek, bo‘lim boshlig‘i (bevosita rahbar) yoki kadrlar bo‘limi xodimi emas. Ular faqat ogohlantirishni xodimga topshirishlari mumkin.