Sport | 20:00 / 25.12.2017
21344
12 daqiqa o‘qiladi

Ming yillik rivoyatni barbod qilayotgan Gvardiola. APLda 19-tur sharhi

Angliya premer-ligasining teng yarmi ortda qoldi. Aslida buni birinchi davra yakuni deyishimiz to‘g‘riroq bo‘lardi, ammo 19 tur ortda qolgan bo‘lsada, jamoalarning barchasi o‘zaro bir-biri bilan o‘ynashga ulgurmasdan. Ikkinchi davrada bo‘lishi (3-turdagi o‘yinlarning javob uchrashuvlari o‘tkazildi) lozim bo‘lgan turni 19-turga qo‘yib yuborishdi. 

Albatta bu yangilik emas. Angliyada «Boksing dey» boshlanadigan hafta oldidan muntazam ravishda zich taqvimda jamoalarning nisbatan yaqinroq hududlarda o‘yin o‘tkazishini ta'minlash maqsadida APL birinchi davraning so‘nggi turini 20-turga surib qo‘ya qoladi. Taqvimdagi turlarning qayta (shartli ravishda javob uchrashuvi deb oldik, yuqorida) o‘yinlari tartibining aralashib ketishi ham shundan aslida.

Xullas tushuntirishimiz cho‘zilib ketgani uchun uzr so‘ragan holda APLning rojdestvo oldi eng so‘nggi turi haqida batafsil to‘xtalamiz.

GVARDIOLA PReMeR-LIGANI O‘ZGARTIRMOQDA
Ko‘pincha, Ispaniya yoki Germaniyadagi gegemonliklar haqida gap ketganida, Premer-Ligasining o‘ziga xosligi, kurashlarga boy, qiyin liga ekani haqida ko‘p aytilardi. «Barselona» yoki «Bavariya» Angliyada ham mana shunday gegemonlik qila olisharmidi, qabilidagi savollar ko‘pincha ochiq qolardi. Ammo, Pep Gvardiola, bu savolga javob topgandek bo‘ldi, ya'ni top jamoalari bilan maqtanadigan Angliyada ham hatto, mana shunday rekordlarni zabt esa bo‘larkan. «Bornmut»ni 4:0 hisobiga yengib, qatorasiga 17, mavsumdagi 18, yirik hisobdagi 8-g‘alabasini nishonlagan «shaharlik»lar yana bir qancha tarixiy ko‘rsatkichlarni chilparchin qilishmoqda.

- Bu mavsumgacha, hech qaysi jamoa qatorasiga 17 g‘alabaga erishmagandi. Eng yaxshi ko‘rsatkich, «Arsenal»da bo‘lgan – Venger jamoasi 2002 yilning fevral-avgust oylarida qatorasiga 14 g‘alabaga erishishgandi. 

- «Manchester Siti» APL tashkil bo‘lganidan buyon bir kalendar yilida 100 dan ortiq gol urgan ilk jamoadir. 101 gol urgan «Siti» oldida yana ikki uchrashuv turibdi. Ingliz jamoalari ichida, so‘nggi bor yuzdan ortiq golni 1982 yilda «Liverpul» urgandi.

- 2017 yilda «Manchester Siti» biror marta ham o‘z maydonida mag‘lubiyatga uchramadi – 21 g‘alaba va besh durang.

- Gvardiola ushbu mavsumda Top-6 dagi barcha jamoalar ustidan g‘alaba qozondi. Umumiy hisob – 15:3. «Liverpul» va «Tottenhem» jamoalari yirik hisobda mag‘lub etildi.

- Hech qachon «Boksing Dey» oldidan birinchi va ikkinchi o‘rinlar orasidagi farq 13 ochkoga yetmagandi. «Manchester Yunayted» (13) va «Chelsi» (16) dan tashqari, «Siti» barcha jamoalarni 20 va undan ortiq ochkoga ortda qoldirmoqda.

Bundan buyog‘iga, «Manchester Siti» «Arsenal»ning 2003/04 dagi rekord natijasi – ya'ni mavsumni mag‘lubiyatsiz o‘tkazish va «Chelsi»ning 2004/2005 yildagi eng ko‘p ochko to‘plash vazifasini amalga oshirishga urinib ko‘rishi mumkin. Agar to‘plangan ochkolarga qaraydigan bo‘lsak, «Manchester Siti» o‘sha «Arsenal»dan ham 19-turdan keyingi holatda 10 ochkoga, o‘sha «Chelsi»dan ham xuddi shuncha farq bilan oldinda bormoqda.

«EMIReYTS»DA AVTOBUS TOPILMADI

«Arsenal» va «Liverpul» APLda hujumlarni tashkil etish, jamoaviy o‘yin borasida eng kuchli jamoalardan sanalishadi, ammo aynan kerakli natijani qayd etish, kerak bo‘lganda, pragmatik o‘yin ko‘rsatish kerak bo‘lganda, ko‘pincha, pand berishadi.

Balki bu ikkala jihatni o‘zida jam qilishning ilojini topish juda qiyindir, axir hujumkorlik va hujumdagi o‘sha go‘zallik aynan himoyani unutish hisobida yuzaga kelar? Miyaning bir chekkasida himoyani va murabbiy ko‘rsatmalarini o‘ylab turish hujumdagi bu zavqni yo‘qqa chiqarar? Balki, bu jamoalar kerak bo‘lganda, osonlik bilan gol urishga o‘zlariga ishonganliklari uchun ham, himoyada bu qadar ehtiyot bo‘lishmas?

Bu savollarning qaysi biri to‘g‘ri yoki ularning javobi bormi, noma'lum, lekin Klopp va Venger juma oqshomida yana bir bor APLning go‘zalligini namoyish qilib berishdi. Hech qaysi jamoa o‘sha kuni mag‘lubiyat alamini totmagani ham, qaysidir ma'noda to‘g‘ri bo‘lgandir.

Aslida, Yurgen Klopp o‘sha hisobda oldinga chiqib olgan paytda, masalan, hujumdagi Mane o‘rniga Veynaldumni tushirishi va ko‘proq hisobni saqlashni o‘ylashi, yoki o‘z navbatida, 0:2 ni 3:2 aylantira olgan «Arsenal» bir muddat uch ochko olib, kuchli to‘rtlikka qaytish haqida qayg‘ura boshlashi mumkin edi. Ammo ikkisi ham sodir bo‘lmadi.

Bu mavzuda aytilgan juda ko‘p e'tirozlarga javoban, Arsen Venger ham o‘z pozitsiyasida sodiq qoldi:

«Avtobus atamasini futbolga kim olib kirgan bo‘lsa ham, bu noto‘g‘ri. Himoyaga e'tibor qaratmaganlikda bizni ayblay olmaysiz, biz doimo kerak bo‘lganda, himoyalanamiz. «Liverpul» juda kuchli ijrochilarga ega, albatta, ularning uchinchi goli yuzaga kelishida, ko‘proq, mana shu omilga ham ahamiyat berishingizni so‘rardim», – dedi fransiyalik murabbiy.

IBLISLAR OLOVDAN QO‘RQMAYDIMI?
«Manchester Yunayted» so‘nggi paytlarda olov bilan o‘ynashayotgandi. Bir qator o‘yinlarda kichik ustunlikni saqlab qolishga urinish, qaysidir pallada konsentratsiyani yo‘qotish jamoaga qimmatga tushishini kutish mumkin edi. Avvaliga, «Uotford»da 3:0 hisobida katta ustunlik 3:2 ga aylanib, jamoa ochko yo‘qotishiga sal qoldi. «Arsenal» bilan o‘yinda De Xea himoyachilar joniga oro kirdi. «Brayton» bilan «Bornmut»ga qarshi o‘yinlarda «Old Trafford»da 1:0 hisobini saqlab qolishga urinish uchun katta yurak kerak. Hatto anchadan beri gol ura olmayotgan «Vest Bromvich» o‘tgan turda hisobni qisqartira oldi va «iblislar»ni g‘alabadan mahrum qilishiga oz qoldi.

Bu o‘yinlarning hammasida g‘alaba qozongan «Manchester Yunayted» qaysidir ma'noda omadga rahmat aytishi mumkindek, lekin shu alfozda davom etaversa, bir kun og‘riqli hodisa ro‘y berishi aniq edi. Ro‘y berdi. Qizig‘i, aslida «MYu» uchun eng oson kechishi mumkin bo‘lgan o‘yinda jamoa g‘alabani ushlab qola olmadi. «Lester» bir o‘yinchi kam bo‘lib o‘ynayotgandi, chunki.

Shuningdek, tasodifni qarangki, «Yunayted»ni dog‘da qoldirishning yana bir ajoyib yo‘li paydo bo‘ldi – agar jamoa nomida «Siti» qo‘shimchasi bo‘lsa, kifoya, kamida bir ochko naqd. Esingizda bo‘lsa, «MYu» ushbu mavsumdagi ilk ochkolarini «Stok Siti» bilan o‘yinda yo‘qotgandi. So‘nggi ikki haftada esa, manchesterliklarni uchta «Siti» xafa qildi.

Avvaliga, «Manchester Siti» «Old Trafford»dagi 40 o‘yinlik an'anaga barham berib, g‘alaba qozonib ketdi. Keyin esa, Chempionship vakili «Bristol Siti» qirq yillik an'anani yo‘qqa chiqarib, «MYu» ustidan g‘alaba qozondi. O‘yin tugashida soniyalar qolganda gol urib, hisobni 2:2 yetkazgan «Lester Siti» ham o‘sha guruhdan...

HARRI KeYN: BIR O‘Q BILAN UCh QUYoN
Angliyalik hujumchi «Byornli» darvozasini uch bor aniq nishonga olish uchun uch marotaba zarba berdi, gap bunda emas. Shunchaki, Keynning bu gollari ham jamoasiga, ham shaxsiy ko‘rsatkichlariga yaxshi ta'sir ko‘rsatdi.

Birinchidan, Keynning uch goli evaziga «Tottenhem» o‘sha kungi raqibi «Byornli»ni quvib o‘tdi va «Arsenal»ga ochkolar bo‘yicha yetib oldi.

Ikkinchidan, bu gollar bilan Keyin 2017 yilda APLdagi gollari sonini 36taga (yil davomida 53ta gol urdi va 54ta gol urgan Messini ortda qoldirish imkoniyatni saqlab turibdi) yetkazdi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha Alan Shirerning rekordini takrorladi. 

Uchinchidan, ushbu mavsumda APL da kiritgan gollari bo‘yicha ham Muhammad Salohga yetib olib, to‘purarlar ruyxatining boshiga joylashdi. 

Yevropadagi barcha ligalar dam olib, Angliyada «boksing dey»lar boshlanishi bu tomondan Harri Keyn uchun ajoyib imkoniyatdir. 2017 yilda «Tottenhem»da yana bir o‘yin bor – ertaga londonliklar «Sauthempton»ni qabul qilishadi. Bu o‘yinda agar u 2 gol ursa, Leo Messini quvib o‘tadi va 2017 yilda eng ko‘p gol urgan futbolchiga aylanadi. O‘z o‘zidan Alan Shirerning rekordni yangilanishi uchun birgina gol qoldi. 

SEM ELLARDAYSNI KIM TO‘XTATADI?

«Chelsi»ga qarshi o‘yinda «Everton» biror marta ham raqib darvozasiga aniq zarba bera olmadi. Londonliklar 25 marotaba mezbonlar darvozasini o‘qqa tutishdi. Boshqa barcha jabhalarda ham yaqqol ustunlikka erishgan «Chelsi» Liverpuldan atigi 1 ochko olib ketdi, xolos.

Sem Ellardays – oddiy ingliz futboli murabbiyi. U qaysi o‘yinda qanday o‘ynashni yaxshi biladi va natijalardagi mana shu barqarorlik tufayli hozircha tanqidlardan xoli bo‘lmoqda. Tan olish kerak, «Everton» ushbu murabbiy ostida yaqqol o‘sishga erishdi va asta sekinlik bilan yil boshida undan kutilgan o‘ringa chiqib bormoqda. 

Yangi murabbiy bilan «Everton» 6 o‘yinda 4 g‘alaba va 2 durangga erishdi. Avvalgi 13 o‘yinda jamoa atigi 3 marta g‘alaba qozondi xolos. Ikki durang ham «Liverpul» va «Chelsi» jamoalariga qarshi qayd etilganini ham ta'kidlash lozim. Ushbu 6 o‘yinning 5 tasida Pikford o‘z darvozasini daxlsiz saqladi. Avvalgi 13 o‘yinda atigi 1 marotaba «Everton» raqibni golsiz qoldirgandi xolos.

Tur natijalari

Turnir jadvali

To‘purarlar ro‘yxati

BIRINChI DAVRA RAMZIY TeRMA JAMOASI

Futbolchilarning maydondagi harakatlarini baholab, ularning koeffitsiyentlari bo‘yicha statistik hisobot yuritadigan WhoScored nashri birinchi davraning ramziy terma jamoasini e'lon qildi. Tarkibdan faqat 5 jamoa a'zolari joy olgani e'tiborga molik.

Mavzuga oid