Samarqand viloyatida kam ta'minlangan oilalar, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj fuqarolar, chin yetim va nogironlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, ularga munosib turmush sharoiti yaratib berishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Viloyatda joriy yilda ana shu maqsadda 142 nafar fuqaroning uy-joylari boshlang‘ich badal to‘lovlari homiylik mablag‘lari va boshqa manbalar hisobidan to‘lab berildi.

Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan tadbirda Yangi yil bayrami arafasida 33 kishiga ana shunday uylarning kaliti topshirildi.

Viloyat va shahar hokimligi, shahar faollari va fuqarolar ishtirok etgan tantanali tadbirda so‘zga chiqqan viloyat hokimi Turobjon Jo‘rayev ushbu maskan davlat mablag‘lari hisobidan rekonstruksiya qilinib, jihozlanib topshirilayotgani, uyda profilaktika inspektori, shifokor kabineti, madaniyat va ma'rifat xonalari ham o‘rin olganligini ta'kidlab o‘tdi.

Viloyat hokimi yig‘ilganlardan bularning barchasi Prezidentimizning Yangi yil sovg‘asi o‘laroq qabul qilishni so‘rab, yangi uy sohiblarining xonadonlariga baraka tiladi hamda uylarning kalitini tantanali ravishda topshirdi. Qayd etish joizki, endi ushbu uyda turli millat va elat vakillari istiqomat qilishadi.

 

Yangi xonadon sohiblaridan so‘zga chiqqan shoir Abduhamid Abdumannonov, Sevara Nurmurodova, Manzura Axtamova, Madina Tursunova nogironligi bo‘lgan insonlarga davlat darajasida qaratilayotgan e'tibor, izzat-ikrom uchun cheksiz minnatdorchiligini izhor etishdi.

— Men nogiron bo‘lib qolganimdan so‘ng katta tushkunlikka tushib qoldim. Hayot men uchun to‘xtab qolgan edi. Kelajakka bo‘lgan umidlarim butkul so‘nib bo‘lgan edi, — deydi Past Darg‘om tumanida yashovchi Sevara Nurmurodova. — Hozir menga qaratilayotgan e'tibor tufayli o‘zimni mutlaqo nogiron hisoblamayapman. Meni shu jamiyatning to‘laqonli a'zosi darajasiga ko‘tarishdi. Umid va ishonch berishdi. Bizlarga cheksiz mehribonlik ko‘rsatayotgan Prezidentimizdan minnatdorman.