O‘zbekiston-Turkiya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi
Turkiya Savdo palatalari va tovar birjalari uyushmasining prezidenti rahbarligida Turkiya Respublikasi ishbilarmon doiralari delegatsiyasining O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida mamlakat Savdo-sanoat palatasi tomonidan 25 dekabr kuni o‘zbek va turk kompaniyalari ishtirokida O‘zbekiston-Turkiya biznes-forumi tashkil etildi. Ushbu tadbir ishbilarmon hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek qo‘shma korxonalarni tashkil etish maqsadida chet el investitsiyalarini jalb qilish uchun qo‘shimcha turtki vazifasini o‘tadi.
Tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad o‘zbek va turk kompaniyalari o‘rtasida savdo aloqalari yo‘lga qo‘yilishini qo‘llab-quvvatlash, yangi qo‘shma korxonalarni ishga tushirish va yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalarini ko‘rib chiqishdan iborat bo‘ldi.
Biznes-forum o‘zbek va turk tomonlarining ma'ruzalarini tinglash shaklida o‘tkazildi. Ishbilarmon uchrashuv chog‘ida ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Forum davomida qayd etilganidek, mazkur uchrashuv ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari masalalari borasida o‘zaro fikr almashuvi uchun qulay imkoniyat hisoblanadi. Shu bilan birga, suhbat chog‘ida savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari ham batafsil muhokama qilindi. Xususan, ikki davlatning iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati namoyish etilib, yangi bosqichdagi hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi.
Tomonlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va chuqur qayta ishlash, saqlash, qadoqlash va oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha komplekslarni qurish, to‘qimachilik va charm-qayta ishlash sanoatida zamonaviy qo‘shma korxonalarni tashkil etish, jumladan, paxta tolasi va charm xomashyosini qo‘shma chuqur qayta ishlash, farmatsevtika sohasida yangi loyihalarni amalga oshirish orqali tayyor brend mahsulotlarini tashqi bozorlarda ilgari surishni yo‘lga qo‘yish masalalarini ko‘rib chiqdilar. Tadbirda ta'kidlanganidek, O‘zbekiston va Turkiyaning o‘zaro hamkorlikka bo‘lgan intilishi ikki davlat tarixida kelajak sari qo‘yilgan muhim qadam sanaladi.
Aytish joizki, Turkiya O‘zbekistonning muhim savdo hamkori hisoblanadi. 2016 yil yakunlari bo‘yicha o‘zaro savdo aylanmasi 1,2 milliard dollarga yetdi. Joriy yilning 9 oyi davomida o‘zaro savdo aylanmasi hajmi 29%ga o‘sdi.
Hozirda mamlakatda 500 ga yaqin turk firma va kompaniyalari faoliyat yuritadi. Faqatgina 2016 yilning o‘zida respublikada turk kapitali ishtirokida 20 dan ortiq korxona tashkil etilib, 53 ta kompaniyaning vakolatxonasi akkreditatsiyadan o‘tkazilgan.
Mavzuga oid
16:51 / 08.11.2023
O‘zbekiston mahsulotlari uchun yangi bozorlarni ochish imkoniyati – IHT doirasidagi biznes-forumdan reportaj
12:50 / 21.10.2023
O‘zbekiston, Rossiya va Tatariston ishbilarmonlar biznes-forumi bo‘lib o‘tdi
07:47 / 18.09.2023
Vashingtonda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Amerika biznes-forumi yakunlari bo‘yicha 12 ta hujjat imzolandi
11:41 / 07.09.2023