08:34 / 26.12.2017
8831

«Biz qarshimiz!» - Peruda Fuximoriga qarshi ommaviy miting

Foto: Reuters

Peru poytaxti Lima markazidagi San-Martin maydonida bir necha yuzlab kishilar miting uyushtirishdi, ular mamlakat sobiq prezidenti Alberto Fuximori afv etilganiga qarshi chiqishgan, deb xabar bermoqda RPP radiostansiyasi.

Ta'kidlanishicha, norozilik aksiyasi qatnashchilari politsiya kordonini yorib o‘tishgan va Fuximori davolanayotgan Sentenario shifoxonasiga qarab yo‘l olishgan.

Bundan tashqari, xabar qilinishicha, miting qatnashchilari Peruning amaldagi prezidenti Pedro Pablo Kuchinski iste'fosini ham talab qilishmoqda va qo‘llarida shu haqdagi plakatlarni ko‘tarib olishgan.

Shu bilan birga, norozilik aksiyasi ishtirokchilarining boshqa bir guruhi amaldagi prezidentning rasmiy qarorgohiga yo‘l olgan.

Eslatib o‘tamiz, Peruning sobiq prezidenti, korrupsiya va boshqa jinoyatlar uchun 25 yillik qamoq jazosiga mahkum etilgan Alberto Fuximori 24 dekabrda mamlakatning amaldagi prezidenti Pedro Kuchinski tomondan afv etilgandi.

Top