17:10 / 26.12.2017
12972

Xuddi jangari filmlardagidek. Angrenlik shaxs nafaqaxo‘rning uyini tunash uchun uni kuzatgan

Toshkent viloyatida muntazam tashkil etilayotgan profilaktika tadbirlari joylarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda yaxshi samaralar bermoqda, deb yozadi O‘zA. 

Angren shahrida o‘tkazilgan profilaktika tadbirlari doirasida hududda sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklar, ularni keltirib chiqaruvchi omillarni o‘rganish, ularning oldini olish bo‘yicha korxona-tashkilot, mahalla va ta'lim muassasalarida uchrashuvlar tashkil etilib, sodir etilgan jinoyatlar muhokama qilindi. 

Angren shahar ichki ishlar bo‘limidan ma'lum qilishlaricha, hududdagi Maydon mahallasida yashovchi yolg‘iz nafaqaxo‘rning uyida o‘g‘rilik jinoyati sodir etilgan. Voqea sabablari o‘rganilganda, ayblanuvchi B.Rasulov (ism-sharifi o‘zgartirilgan) avvaldan o‘g‘rilik sodir etishni mo‘ljal qilgan manzilni kuzatib, so‘ng amalga oshirgani ma'lum bo‘ldi. 

Muhokamada fuqarolarga bu kabi salbiy holatlarning oldini olish uchun mahalla posboni, profilaktika inspektoriga o‘z vaqtida xabar berishi lozimligi xususida tushuntirish ishlari olib borildi. 

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Qibray tumani “Madaniyat” mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkazilgan muloqotda tez va oson pul topish ilinjida giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatga qo‘l urgan K.Usmonovning xatti-harakati muhokama etildi. 

Bu nojo‘ya harakat fosh etilgach, K.Usmonovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi ochilib, vaqtincha uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llanildi. 

Top