09:00 / 26.12.2017
6177

Mutko Rossiya futbol ittifoqi prezidentligidan ketdi

Vitaliy Mutko yarim yil muddatga Rossiya futbol ittifoqi prezidenti lavozimidan ketdi. Bu haqda 25 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan ijroiy qo‘mita yig‘ilishida ma'lum qilindi. Bu lavozimda vaqtinchalikka Aleksandr Alayev ishlab turadi.

OAV Mutkoning ketishi FIFAning doping mojarosi fonida o‘tkazayotgan bosimi bilan bog‘lagandi. 

Undan avvalroq WADA Moskva antidoping laboratoriyasida 2012-2015 yillar bo‘yicha ma'lumotlar bazasini qo‘lga kiritgandi. Agentlik antidoping reglamentini buzishda gumonlangan 300 nafar sportchi ro‘yxatini tuzib chiqqandi va bu ma'lumotlarni turli federatsiyalarga yuborgandi. Bunday federatsiyalar qatorida FIFA ham bor. FIFA «agar qaysidir rossiyalik futbolchi dopingdan foydalangani isbot qilinsa, tegishli sanksiyalar qo‘llanishi»ni bildirgandi.

Keyinroq RFI vitse-prezidenti Sergey Anoxin Vitaliy Mutko o‘z lavozimidan ketganini tasdiqladi va bunga izoh berdi.

«Vitaliy Leontevich o‘z faoliyatini o‘z nomini yomonotliq qilayotgan Maklaren va boshqa shaxslar bilan sudlashuv jarayoni tufayli to‘xtatdi», — deya Anoxinning so‘zlarini keltirgan «Chempionat».

Top